13-dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Ethno Line do‘koni rahbari Nargiza Majitovaning videomurojaati tarqaldi, unda u Savdo-sanoat palatasi vakili tomonidan mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish va zo‘ravonlik haqida gapirdi.
Majitovaning so‘zlariga ko‘ra, 2024-yil oxirida “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Mirmuhsin Sultonov va o‘rinbosari Abduvali Sodiqov Tashkent City Mall savdo markazidagi do‘konida Made in Uzbekistan brendi ostidagi mahsulotlarni joylashtirishga qiziqish bildirgan.
Tomonlar 92 kvadrat metr maydonni ikkilamchi ijaraga olish bo‘yicha shartnoma tuzgan, biroq u bajarilmagan va ijara haqi to‘lanmagan.
Barcha muammolarim ana shu paytdan boshlandi. Sizningcha, Tashkent City Mall`da ijara qancha turadi? Juda qimmat. Lekin uyushma bugungacha menga qancha to‘ladi? Nol. Shartnoma imzolanganidan keyin do‘konimga uyushma rahbarlari va Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov keldi, u vaqtda Vahobov uyushma raisi lavozimida ham ishlayotgandi. Keyinroq sudda uning advokati Vahobov bu loyiha haqida hech narsa bilmaganini va hech qachon mening do‘konimga kelmagani [videoning shu qismida qo‘shimcha kadr bor, unda Vahobovning do‘konda ko‘rinish bergani aks etadi — tahr.], shuningdek, birinchi o‘rinbosari Sultonov bunday shartnoma imzolash huquqiga ega bo‘lmaganini aytgan, — dedi u.
Biroq tadbirkor do‘konning videokuzatuv kamerasidagi tasvirni ko‘rsatgan, unda savdo-sanoat palatasi raisi ko‘rinib turibdi. Keyingi uch oy davomida tadbirkor “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasining birinchi o‘rinbosaridan faqat tez orada pul tushishi haqidagi va’dalarni eshitdi, chunki uyushmada mablag‘ yo‘q edi va ular moliyalashtirishni kutayotgan edi.
Mart oyi oxirida Mirmuhsin Sultonov assotsiatsiya raisi etib tayinlandi. Majitovaning ta’kidlashicha, aynan shu davrda u Sultonovdan turli xil behayo xabarlarga duch kela boshlagan: “Pul o‘rniga ochiq-oydin hayosizliklarni qabul qilib oldim”.
Shuningdek, Nargiza Madjitovaning ma’lum qilishicha, assotsiatsiyaning rasmiy Telegram-kanali orqali brendlar ijara va marketing xarajatlarini SSP qoplashi va’dasi bilan ushbu do‘konga joylashtirishga taklif qilingan. Amalda esa barcha xarajatlar do‘kon egasining zimmasiga tushgan.
Qarzdorlik ishi sud tomonidan ko‘rib chiqildi. Jarayonda tadbirkor shartnomaning qonuniyligini, brendlar uyushma tashabbusi bilan joylashtirilgani, ijara xarajatlari tashkilot tomonidan qoplanishi kerakligini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etgan.
Shunga qaramasdan, sud FKning 126-moddasi (Cheklangan vakolatlar doirasida tuzilgan bitim manfaatdor shaxsning da’vosi bo‘yicha faqat ikkinchi taraf bu cheklashlarni bilganligi yoki bilishi lozim bo‘lganligi isbotlangan taqdirdagina haqiqiy emas deb topilishi mumkin) ni qo‘llab, shartnomani haqiqiy emas deb topdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, huquqshunoslar bunday qarorni nomaqbul deb hisoblamoqda.
Va bu hali hammasi emas. Nega buni sizlarga aytyapman? Chunki qayerga murojaat qilmay, hech kim ishimni olib ko‘rmaydi. Sud qonunga ko‘ra nohaq bo‘lgan tomon foydasiga qaror chiqaradi. Prezident huzuridagi biznes-ombudsman esa bu uning vakolatiga kirmasligini aytadi. Meni bu holatda himoya qilishi kerak bo‘lgan Savdo-sanoat palatasi esa, aksincha, bu yerda sizga yuzlanishimga sababchi bo‘lgan tashkilotdir, — deya ta’kidlagan u.
U “har bir ayol uchun, aldanib qolishi mumkin bo‘lgan har bir tadbirkor uchun” vaziyatga e’tibor qaratayotganini ta’kidladi.
Haqiqat va qonun men tomonda bo‘lishi kerak bo‘lgan joyda men faqat bir narsani eshitaman: Siz hech narsa qila olmaysiz. Bu amaldorlar ortida juda yuqori lavozimli odamlar turibdi, — deydi Majitova.
Keyinroq SSP Nargiza Majitova ko‘targan masala yuzasidan palata rahbariyati va “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi ishtirokida “ochiq va konstruktiv uchrashuv” o‘tkazilganini ma’lum qildi. Muhokamalar yakunida “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi va Gravion kompaniyasi o‘rtasida mediativ kelishuvga erishildi va imzolandi.
SSP ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu kelishuv masalalarning huquqiy yechimini ta’minlaydi. Shundan so‘ng, Nargiza Majitova yangi videoni e’lon qildi va uning avvalida uni qo‘llab-quvvatlagan barchaga minnatdorchilik bildirib, buning natijasida mamlakatdagi ayollarning haqiqat uchun kurasha olishiga ishonganini ta’kidladi.
Meni Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov bilan uchrashuvga taklif qilishdi. Ikki soat davomida haqiqatni izladik. Aniqlashdiki, haqiqat biz tomonda edi. Bugun biz oldingi da’volarini sudda qaytarishlari, shartnomani to‘liq qonuniy deb e’tirof etishlari va 15-dekabrga qadar to‘liq to‘lov qilishlari to‘g‘risida oldindan kelishib oldik. Shuningdek, sudda qilgan xarajatlarimni to‘liq qoplashadigan bo‘lishdi, — deya ma’lum qildi u.
Uning qo‘shimcha qilishicha, u achchiq tajriba orttirgan va pul hisob raqamiga tushmaguncha, bu faqat dastlabki kelishuvdir. Dushanba kuni kechqurun Madjitova navbatdagi videomurojaatida SSP kelishuvlarni o‘z vaqtida bajarganini ma’lum qildi.
Biz g‘alaba qozondik! Va bu befarq bo‘lmagan har bir kishining umumiy g‘alabasidir. Qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun barchangizga minnatdorlik bildiraman, biznesga ilk qadamlarini qo‘yayotgan barcha ayollarni qo‘llab-quvvatlashga harakat qilaman, — dedi tadbirkor.
Avvalroq tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash uchun 2 trillion so‘m ajratilishi ma’lum qilingandi. O‘quv kurslari ham yo‘lga qo‘yiladi.






















