10-dekabr kuni Toshkent shahri va O‘zbekistonning bir qator viloyatlariga qalin tuman tushib, havo yana ifloslandi: sinoptiklar hodisa sababini tushuntirdi, deb xabar bermoqda Ekologiya bo‘yicha maxsus komissiya matbuot xizmati.

Idora ma’lumotlariga ko‘ra, poytaxt va ayrim viloyatlarni tuman qoplagan, shu sababli mayda dispers zarrachalar (PM2,5, PM10) ko‘rsatkichlarining oshishi kuzatilishi mumkin. Mutaxassislarning tushuntirishicha, tumanga sovuq va nam havo massalarining mamlakatga kirib kelishi sabab bo‘lgan, bu haqda 10-dekabr kuni O‘zgidromet ham xabar bergan edi.

Respublika hududidagi chang zarrachalarining taxminan 55-60 foizi tashqi hududlardan kirib keladi. So‘nggi kunlarda shamol tezligining pastligi, shuningdek, inversion jarayonlarning shakllanishi va hozirda kuzatilayotgan tuman tufayli ushbu chang zarralari havo qatlamlarida ushlanib qolmoqda va ularning tarqalishi qiyinlashmoqda, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zgidromet xususiy va rasmiy havo sifati datchiklari o‘rtasidagi farqni tushuntirgandi. Shuningdek, idora tomonidan fuqarolar o‘zini qiziqtirgan barcha savollarni berishi mumkin bo‘lgan “ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi.