Ijtimoiy tarmoqlarda Parkent tumanidagi Qayilma mahallasida issiqxona atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha amaldagi qonunchilik normalarini buzgan holda faoliyat yuritayotgani va havoni ifloslantirayotgani haqida murojaat paydo bo‘ldi.
Holat Davlat ekologik nazorati inspeksiyasi hamda Toshkent viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan joyiga chiqib o‘rganildi. O‘rganish davomida issiqxonaning 4 ta qozonxonasida filtr uskunalari nosoz ekanligi aniqlandi.
Ishchi guruh ma’lumotiga ko‘ra, ushbu holatning kelib chiqishiga yog‘ingarchilik natijasida ko‘mir o‘chog‘ida suv to‘planib qolgani, natijada ko‘mir to‘liq yonmay qolgani, o‘rnatilgan filtrning samaradorligi yetarli bo‘lmagani sabab bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan issiqxona rahbariga nisbatan MJtKning tegishli moddasi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, korxona faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan.
Bundan tashqari, Parkent tumanidagi yana bir issiqxonada o‘rnatilgan filtr nosozligi aniqlanib, korxona rahbari ma’muriy javobgarlikka tortildi. Unga aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.






















