Bekobod shahrida 43 yoshli erkakni urib o‘ldirgan IIB xodimi mast holatda bo‘lgan, piyodaning jasadini yashirishda unga turmush o‘rtog‘i yordam bergan, deb yozadi Kun.

Aniqlanishicha, YTH Bekobod shahar IIO FMBning 36 yoshli katta tezkor vakili tomonidan sodir etilgan. U mashinani mast holda boshqarib ketayotib, 1982-yilda tug‘ilgan fuqaroni urib yuborgan. YTHdan so‘ng u jabrlanuvchiga yordam ko‘rsatmagan, balki uni Nexia avtomobiliga ortib, uzoqroqqa olib borgan, so‘ngra turmush o‘rtog‘ini chaqirgan.

Xotini Matiz avtomobilida kelgan, u yerga er-xotin jasadni qo‘yishgan. O‘z vaqtida yordam ko‘rsatilmagani oqibatida piyoda vafot etgan. Er-xotin uning jasadini yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan joydan taxminan 35 kilometr uzoqlikka olib borib, Bekobod tumani “Shova” mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Farhod kanaliga tashlagan.

Huquq-tartibot idorasi xodimi 12-dekabr kuni qo‘lga olingan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (odam o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) va 117-moddasi 2-qismi (odam o‘limiga sabab bo‘lgan xavf ostida qoldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ayblanuvchining rafiqasining ishga aloqadorligi uning mashinasi ko‘zdan kechirilganidan so‘ng tasdiqlandi. Hozirda mazkur holat yuzasidan ekspertiza tayinlangan. Tergov davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, voqea 11-dekabr kuni Toshkent viloyati Bekobod tumani “Qoraqo‘yli” mahallasida sodir bo‘lgandi. Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, marhumning jasadi hanuzgacha topilmagan, qidiruv ishlari olib borilmoqda.