O‘zbekistonlik talabalar Yangi yil bayrami arafasida temir yo‘l chiptalariga 50 foizlik chegirma olishadi, deb xabar bermoqda “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” matbuot xizmati.
Respublika oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun qishki ta’til davrida sayohat qilishda imtiyozlar e’lon qilindi. 2025-yil 18-dekabrdan 2026-yil 12-yanvargacha ular barcha mahalliy yo‘lovchi poyezdlariga chiptalarni 50% chegirma bilan sotib olishlari mumkin. SV/VIP klassidagi vagonlar va yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdi bundan mustasno.
Elektron chiptalar eticket.railway.uz saytida hamda Android va iOS uchun mobil ilovalarda mavjud, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, rasmiylar yaqin yillarda yo‘lovchi va yuk tashish hajmini kamida ikki baravar oshirishni rejalashtirmoqda. Buning uchun 15 ta yangi yo‘nalish ochish, shuningdek, tezyurar poyezdlar tarmog‘ini kengaytirish rejalashtirilgan.






















