Shavkat Mirziyoyev 16-dekabr kuni Toshkent shahrini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Prezident so‘nggi 9 yilda erishilgan natijalar haqida gapirdi. 20 milliard dollardan ziyod to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilib, 5 mingga yaqin yirik loyihalar amalga oshirildi. Aholi jon boshiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 2017-yildagi 71 dollardan 2,2 ming dollarga yetdi.

Shaharda savdo maydonlari 14 barobarga ko‘payib, 67 million kvadrat metrga yetdi, tadbirkorlar soni 140 mingga yaqinlashdi. “Tungi iqtisodiyot”ning asosi bo‘lgan uch mingdan ziyod 24 soatlik obyektlar faoliyat ko‘rsatmoqda.

“Shahar piyodalar uchun” tamoyili asosida mahalla va ko‘chalarda ijobiy o‘zgarishlarni odamlar kundalik hayotida sezayotganini o‘zlari aytmoqda. Toshkentga 1 mingta zamonaviy elektrobus va avtobus olib kelinib, 168 ta yangi yo‘nalish ochildi. Qo‘shimcha 33 kilometr metro liniyasi va 21 ta yangi stansiya qurildi, — dedi prezident.

Toshkent shahrining doimiy aholisi yiliga o‘rtacha 100 ming kishiga ko‘payib, 2030-yilga borib 3,5 milliondan oshishi kutilmoqda. Bu vaqtga kelib, shaharning YHM hajmi 52 milliard dollarga yetishi, aholi daromadlari deyarli ikki baravar ko‘payib, yiliga 15 ming dollarga yoki oyiga 1250 dollarga yetishi kutilmoqda.

Prezident bu maqsadlarga erishish uchun hokim va uning o‘rinbosarlari, 12 ta tuman hokimlari shahardagi uy-joy fondini, transport, energetika, ta’lim va tibbiyot, xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini dunyoning zamonaviy megapolislari darajasida qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha tinimsiz ishlashi kerakligini ta’kidladi.

Ularning ko‘p yillik tajribasidan foydalanib, Toshkent shahrini moliya, ilg‘or texnologiyalar, madaniyat va turizm markaziga aylantirish kerak, — dedi prezident.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Toshkentni boshqarishda ba’zi “o‘zgarishlar”ni e’lon qildi. 2026-yil “Jadal rivojlanish va aholi daromadlari o‘sishi yili” deb e’lon qilinib, maxsus keng ko‘lamli dastur qabul qilinishi kutilmoqda.