Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida transport boshqaruvini takomillashtirish va tirbandliklarni kamaytirish bo‘yicha alohida qarorni imzoladi. Bu haqda u shaharni rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilishda ma’lum qildi.
Poytaxtda yo‘l harakatini tashkil etish markazi tashkil etilib, transport tizimi yagona yondashuv asosida boshqariladi. Bu markaz har bir ko‘cha, chorrahada transport va piyodalar oqimini sun’iy intellekt orqali tahlil qilib, tirbandlik va yo‘l-transport hodisalarining oldini olish bilan shug‘ullanadi.
2026-yilda poytaxtga kirishdagi ikkita nazorat-o‘tkazish punkti shahar tashqarisiga ko‘chiriladi va uchtasi rekonstruksiya qilinadi. Ularning o‘rnida kamida 3,5 mingta yuk va 5,5 mingta yengil avtomobillar uchun to‘xtash joylari, shuningdek, aholi uchun kempinglar tashkil etiladi. Ushbu nuqtalarga jamoat transporti tarmog‘i ulanadi. Mehmonlar o‘z avtomobillarini qoldirib, jamoat transportida harakatlanishlari mumkin bo‘ladi.
Toshkent hokimligiga 2026-yilda yagona boshqaruv tizimiga ega svetoforli 100 ta “aqlli” chorrahalar tashkil etish, 30 mingta avtoturargoh qurish, 300 ta bekatni rekonstruksiya qilish, 40 km piyodalar va 20 km velosiped yo‘laklarini qurish, 100 km yo‘llarni ta’mirlash, Yunusobod va Yashnobod tumanlarida yo‘l o‘tkazgichlar va tunnellar qurish topshirildi. 2026-yilgacha 200 ta elektrobus ishga tushiriladi.
Avvalroq Toshkentga kirish joylarida avtoturargohlar tashkil etilishi kirish-chiqishni cheklamasligi va avtomobillar harakatini taqiqlamasligi haqida xabar berilgandi. Avtomobillar uchun joylar fuqarolarning ixtiyoriy tanlovi va qulayligi sifatida yaratiladi.


















