9-dekabr kuni Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi tomonidan Bosh prokuratura, FVV, Milliy gvardiya va IIB xodimlari bilan hamkorlikda Toshkent viloyatining Qibray, Zangiota, Yuqori Chirchiq, Yangiyo‘l va Toshkent tumanlari hamda Toshkent shahrida navbatdagi reyd tadbirlari o‘tkazildi.

Reyd tadbirlari davomida ular boshlanganidan buyon 3222 ta obyektda tekshiruvlar o‘tkazildi. Tadqiqot doirasida 25-noyabrdan 9-dekabrgacha:

  • 895 ta huquqbuzarlik holatlari aniqlanib, ma’muriy ishlar bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirilgan;
  • Toshkent shahri va Toshkent viloyatida qonunchilikni buzganlik va atrof-muhitni ifloslantirganlik uchun 75 ta obyekt faoliyati 10 kunga to‘xtatildi;
  • 37 ta issiqxona obyektlarida filtrlar o‘rnatildi;
  • 6 ta issiqxona gaz tarmog‘iga ulangan bo‘lsa, 7 ta issiqxona tomonidan gazga ulanish uchun texnik shart olish bo‘yicha murojaatlar kelib tushgan.

Mas’ul idoralar tomonidan muntazam reyd tadbirlari davom ettirilmoqda.

Avvalroq O‘zbekistonda havo ifloslanishining asosiy sabablaridan biri tashqi hududlardan kelayotgan chang ekani haqida xabar berilgandi. Tuman, sovuq va shamolning yo‘qligi sababli xavfli zarralar tarqalmayapti.