O‘zbekistonda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik xavfi yuqori bo‘lsa, ota-onalar huquqlaridan mahrum etilishi mumkin
Shuningdek, mas’ul organlar bolalarni olib qo‘yishi, aybdor ota-onalarga tuzatish dasturlarini tayinlashi yoki majburiy davolanishga yuborishi mumkin.

O‘zbekistonda zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan yoki xavf ostida bo‘lgan bolalar “Inson” markazlari, IIB va boshqa vakolatli organlarga o‘zlari murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi, deyiladi hukumat qarorida.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bolalar mustaqil ravishda yoki qonuniy vakillari orqali yordam so‘rab murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi. Keyinchalik “Inson” markazlari IIB bilan birgalikda kun davomida bolaning hayotiy vaziyatini o‘rganishi va uning hayoti yoki sog‘lig‘iga tahdid soluvchi omillarni dastlabki baholashdan o‘tkazishi hamda xavf darajasini “past” yoki “yuqori” deb belgilashi kerak bo‘ladi.
Agar xavf darajasi “past” deb baholansa, markazning ijtimoiy xodimi “mahalla yettiligi” ishtirokchilari, shuningdek ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalari bilan birgalikda quyidagi choralarni ko‘rishi kerak bo‘ladi:
- oiladagi vaziyatning yomonlashuviga yo‘l qo‘ymaslik va vaqtinchalik qiyinchiliklarni bartaraf etish;
- oila ehtiyojlari asosida bolaga ijtimoiy, psixologik va huquqiy xizmatlar ko‘rsatish;
- bolani o‘qishga jalb etishda va zarurat bo‘lganda tibbiy yordam olishda ko‘maklashishi;
- zararli odatlarga yoki g‘ayriqonuniy xatti-harakatlarga moyil bo‘lgan oila a’zolariga tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatish;
- oilani mustahkamlash, ota-onalarning ko‘nikmalarini oshirish, bolada hayotiy ko‘nikmalarni shakllantirish va zo‘ravonlik xavfini bartaraf etish bo‘yicha mahalla darajasida kompleks dasturlarni ishlab chiqish.
Agar xavf “yuqori” bo‘lsa, IIB xodimlari quyidagi choralarni ko‘rishlari kerak bo‘ladi:
- zo‘ravonlik sodir etgan shaxsni ma’muriy yo‘l bilan ushlab turish va protsessual majburlov choralarini qo‘llash;
- bolaga yoki uning qonuniy vakiliga himoya orderini berishi;
- bolani ota-onasidan (ulardan biridan) yoki uni homiylikka olgan boshqa shaxslardan olib qo‘yish va uning xavfsizligini ta’minlash.
Xavf soluvchi omillar bartaraf etilgandan so‘ng “Inson” markazi 14 kalendar kuni davomida bolaning hayotiy vaziyatini kompleks baholaydi, uning natijalariga ko‘ra uch ish kuni ichida bolani himoya qilish rejasi ishlab chiqiladi. Jumladan, zo‘ravonlik sodir etgan yoki uni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslarga nisbatan quyidagi choralar qo‘llanilishi mumkin:
- tuzatish dasturidan o‘tish;
- bolalarni olib qo‘yish;
- ota-onalik huquqini cheklash yoki undan mahrum qilish;
- narkologiya muassasalarida majburiy davolash;
- tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini tayinlash.
Avvalroq O‘zbekistonda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchun jazoni kuchaytirish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. Shahnoza Mirziyoyeva Jinoyat kodeksiga o‘zgartirish kiritish tashabbusi bilan chiqqan.
Izohlar