Jizzax viloyatida aliment to‘lashdan bo‘yin tovlagani uchun qidiruvga berilgan erkak ikkinchi xotinining onasining uyidan topildi, deb xabar bermoqda MIB viloyat boshqarmasi matbuot xizmati.

Ma’lumotlarga ko‘ra, erkak farzandlari ta’minoti uchun 62 mln so‘m aliment to‘lashdan bo‘yin tovlagani uchun qidiruvga berilgan. Shu munosabat bilan huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilib, erkak ikkinchi xotinining onasining uyida xo‘jalik ishlariga yordam berayotgani aniqlangan.

Qo‘lga olish chog‘ida huquqbuzar shippagini almashtirmoqchiligini aytib, yana qochishga uringan, biroq tartib posbonlari uning bu urinishiga yo‘l qo‘ymagan.

Avvalroq Sirdaryoda alimentdan ashaddiy qarzdor molxonadan topilgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Erkak farzandlari uchun o‘nlab million so‘m qarzdor.