O‘nlab voyaga yetmagan O‘zbekiston fuqarolari Rossiyadan vatanga qaytarildi
Qaytarish jarayonida IIV, SSV va Ijtimoiy himoya milliy agentligi ishtirok etdi.

O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi IIV, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan birgalikda Rossiyada qarovsiz qolgan voyaga yetmaganlarni aniqlash bo‘yicha ish olib bormoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo”.
9-16-oktyabr kunlari Sankt-Peterburg, Chelyabinsk va Moskvadan 16 nafar voyaga yetmaganlar aniqlanib, O‘zbekistonga qaytarildi. Mas’ul idoralar tomonidan bolalarning shaxsiga oid ma’lumotlar aniqlanib, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi va ularni vatanga qaytarish bo‘yicha barcha hujjatlar rasmiylashtirildi.
Bundan tashqari, ishchi guruh tomonidan Yekaterinburg, Volgograd, Ufa, Nijniy Novgorod, Xakasiya, Moskva viloyati, Maxachkala va Novosibirsk shaharlarida ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 19 nafar voyaga yetmagan bolaning vatanga qaytarilishiga ko‘maklashildi. Ularning ham hujjatlari rasmiylashtirilib, vataniga jo‘natildi.
Elchixona tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda amalga oshirilayotgan ushbu chora-tadbirlar natijasida mamlakatimiz fuqarolari, ayniqsa, voyaga yetmaganlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni ijtimoiy himoya qilish borasida muhim amaliy natijalarga erishilmoqda, — deyiladi xabarda.
Avvalroq o‘zbekistonlik besh nafar voyaga yetmagan bola Rossiyada ota-onasiz qolgani haqida xabar berilgandi. Diplomatlar yosh fuqarolarni vataniga qaytardi.
Izohlar