Hodisa

O‘zbekistonliklar maktablarda niqob rejimi joriy etilishidan xavotirda

Sog‘liqni saqlash vazirligi bu masala fuqarolar tomonidan noto‘g‘ri talqin qilinayotganini ma’lum qildi.

30-oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda maktablarda niqob taqish rejimi joriy etilgani haqida ma’lumot tarqaldi. Sog‘liqni saqlash vazirligi holatga izoh berdi.

Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov bu masala fuqarolar tomonidan noto‘g‘ri talqin qilinayotganini aytdi. Avvalo, O‘zbekiston Bosh davlat sanitariya vrachining 2025-yil 26-sentyabrdagi qarori asos sifatida keltirilmoqda.

Hujjatning sanasiga e’tibor bering: u sentyabr oyida imzolangan. Aslida har yili o‘tkir respirator kasalliklar va gripp mavsumi oldidan shunday qarorlar qabul qilinib, joylardagi muassasalarga tegishli tavsiyalar beriladi, — deyiladi xabarda.

Qarorda epidemik vaziyat murakkablashganda tibbiy niqob taqib yurish belgilangan. Ma’lum qilinishicha, hozirda epidemik vaziyat barqaror. Bundan tashqari, maktablarda hamma joyda niqob taqishga hojat yo‘q. Agar guruhda kasal bolalar bo‘lsa, unda niqoblarni faqat bemor bilan aloqa qilish mumkin bo‘lgan joylarda taqish tavsiya etiladi.

Havo-tomchi yo‘li bilan yuqadigan kasalliklarda imkon qadar ijtimoiy masofani saqlash va muloqot vaqtida niqobda bo‘lish maqsadga muvofiq. Hujjatda ko‘rsatilgan tibbiy niqob taqish tartibi vaziyatga qarab joyida hal qilinadi. Buni bunday tartibni hamma joyda joriy etish deb tushunmaslik kerak.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda bolalar o‘rtasida O‘RVI bilan kasallanishning ko‘payishi qayd etilgandi. Sog‘liqni saqlash vazirligi buni viruslar mavsumi boshlanishi bilan izohladi va ota-onalarga tavsiyalar berdi.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная