O‘zbekiston xususiylarga gaz, qora va rangli metallar savdosiga ruxsat berishga tayyorlanmoqda
Deputatlar bozor islohotlari to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qulladi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida deputatlar bozor islohotlari va O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirishga qaratilgan qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi.
Bozor islohotlari va O‘zbekistonning JSTga to‘laqonli a’zo bo‘lishi doirasida ayrim yirik davlat korxonalarining maxsus huquqlari bosqichma-bosqich bekor qilinadi. Ma’lum qilinishicha, ushbu tashkilotga a’zo bo‘lishning asosiy shartlaridan biri qonunchilikni uning kelishuvlari bilan uyg‘unlashtirish hisoblanadi.
Qonun loyihasi bilan “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi va “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartishlar kiritiladi. Ya’ni, qora va rangli metallar parchalari va chiqindilarini tayyorlash (xarid qilish), qayta ishlash va realizatsiya qilish, shuningdek, tabiiy gazning ulgurji va chakana savdosi bo‘yicha faoliyatni litsenziyalash tartibini joriy etish nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasi qora va rangli metallar parchalari va chiqindilari, tabiiy gaz savdosi sohasiga xususiy sektor va innovatsiyalarni jalb qilish, shuningdek, raqobatbardosh va ochiq bozor muhitini yaratishga qaratilgan. Hujjat deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Mavzuga doir: “2026-yilda JSTga a’zo bo‘lishni rejalashtiryapmiz”: Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumida nutq so‘zladi. Prezident mamlakat “Yangi O‘zbekiston — investitsiyalar uchun katta imkoniyatlar mamlakati” tamoyilini amalga oshirish uchun barcha choralarni ko‘rayotganini ta’kidladi.
Izohlar