O‘zbekistonning Nepaldagi birinchi elchisi Sardor Rustamboyev mamlakat prezidenti Ramchandra Paudelga ishonch yorliqlarini topshirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Nepal yetakchisi O‘zbekistonning mamlakatdagi birinchi elchisi tayinlangani uchun chuqur minnatdorlik bildirib, Toshkent bilan ko‘p qirrali aloqalarni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ta’kidlagan. Shuningdek, tomonlar ikki tomonlama kun tartibidagi keng ko‘lamli masalalarni muhokama qildi.
Shu bilan birga, ikki mamlakat vakillari savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratdi. Ramchandro Paudel gidroenergetika, turizm va ta’lim kabi sohalarda hamkorlik uchun katta salohiyat mavjudligini ta’kidlab, qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.
Shuningdek, Nepal yetakchisi xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish muhimligini ta’kidlab, global iqlim o‘zgarishi va tog‘li hududlar ekologiyasi kabi dolzarb masalalar bo‘yicha birgalikda ishlashdan ikki tomon ham manfaatdor ekanini ko‘rsatib o‘tdi.
Avvalroq Braziliyaning yangi elchisi O‘zbekistonga kelgani haqida xabar berilgan edi. Diplomat TIV rahbariga ishonch yorliqlarini topshirdi.

























