2023-yildan buyon huquq-tartibot idoralaridan yashirinib yurgan “Gryaz” laqabi bilan tanilgan jinoyatchi Turkiyadan O‘zbekistonga qaytarildi, deb xabar bermoqda IIV matbuot xizmati.

Erkak IIV, DXX va O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi sa’y-harakatlari bilan O‘zbekistonga olib kelingan. 1993-yilda tug‘ilgan fuqaro bir qator jinoyatlarni, jumladan, o‘ldirish bilan qo‘rqitish, bosqinchilik, tovlamachilik va jinoiy uyushma tashkil etishda ayblanmoqda. Gumonlanuvchi Yashnobod tumani IIB tomonidan qidiruvga berilgan va uzoq vaqt davomida Turkiyada yashirinib yurgan.

U 2025-yil 5-dekabrda O‘zbekistonga olib kelingan va tergov harakatlarini davom ettirish uchun mahalliy huquqni muhofaza qilish organlariga topshirilgan. Unga O‘zbekiston Jinoyat kodeksining bir nechta moddalari, jumladan, jinoiy uyushma tashkil etish va boshqa og‘ir jinoyatlar bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan.

Eslatib o‘tamiz, BAAdan xalqaro qidiruvda bo‘lgan o‘zbekistonliklar Toshkentga qaytarilgandi. Fuqarolar iqtisodiy va mulkiy jinoyatlarda ayblanmoqda.