Surxondaryo va Namangan viloyatlarida huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan korrupsiyaviy jinoyatlar aniqlanib, ularga chek qo‘yildi, deb xabar bermoqda DXX matbuot xizmati.

Surxondaryoda bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi katta tezkor vakili 400 dollar olgan vaqtida ushlandi. U Termiz tumanida yashovchi fuqaroga “Sariosiyo” chegara bojxona posti orqali 20 ming dollarni noqonuniy ravishda Tojikistonga o‘tkazishga va’da bergan.

Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi (Xizmat mavqeyidan foydalangan holda firibgarlik), 25, 211-moddasi 1-qismi (Pora berishga suiqasd qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Aybdor 8 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Namangan viloyatida DXX va IIB hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda tuman kadastr bo‘limlaridan birining boshlig‘i qo‘lga olindi. U mahalliy fuqaroning oziq-ovqat do‘koniga tutash bostirma uchun ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirib berish evaziga 5 mln so‘m talab qilib, 3 mln so‘mni olgan vaqtida ushlandi.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi (Tovlamachilik yo‘li bilan pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Aybdor 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Tergov boshlandi.

Namangan viloyati Kosonsoy tumanida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ “Energossavdo” filiali tuman bo‘linmasi yuriskonsulti qo‘lga olindi. U elektr tarmog‘iga noqonuniy ulanish uchun qo‘llanilgan 28,6 million so‘mlik jarimani elektron tizimga kiritmaslikka va’da bergani uchun 2 ming dollar olgan.

Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi (Xizmat mavqeidan foydalangan holda firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Erkak 8 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Tergov boshlandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda minglab odamlar korrupsiya bilan qo‘lga olingan. 130 dan ortiq kishi pora olgani uchun qamalgan.