Pul

“2026-yilda JSTga a’zo bo‘lishni rejalashtiryapmiz”: Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumida nutq so‘zladi

Prezident mamlakat “Yangi O‘zbekiston — investitsiyalar uchun katta imkoniyatlar mamlakati” tamoyilini amalga oshirish uchun barcha choralarni ko‘rayotganini ta’kidladi.

“2026-yilda JSTga a’zo bo‘lishni rejalashtiryapmiz”: Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumida nutq so‘zladi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10-iyun kuni to‘rtinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida nutq so‘zlab, dunyodagi vaziyat fonida iqtisodiy hamkorlik masalalariga to‘xtalib o‘tdi.

Dunyodagi vaziyat

Forum ishida 7,5 mingdan ortiq delegatlar, jumladan, 100 ga yaqin davlatdan 3 mingga yaqin xorijiy mehmonlar ishtirok etdi. Shavkat Mirziyoyev bunday e’tiborni hurmat, o‘zaro ishonch va yaqin hamkorlikka intilish ifodasi, deb atadi.

Bugungi dunyo katta sinovlarni boshidan kechirmoqda. Global xavfsizlik va barqaror rivojlanishga jiddiy tahdidlar tobora kuchaymoqda, geosiyosiy jarayonlar ko‘z o‘ngimizda shiddat bilan o‘zgarmoqda.

Jahonda qurollanish poygasi yana avj olmoqda. Yirik mamlakatlarning harbiy xarajatlari 2010 yilga nisbatan bir yarim barobar ortib, 2,5 trillion dollarga yetdi. Iqtisodiy inqiroz asoratlari, moliyaviy resurslar taqchilligi tufayli jahon yalpi ichki mahsulotining o‘sish sur’atlari esa ketma-ket uch yil davomida pasaymoqda, — Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari xalqaro huquq normalari va diplomatiya o‘z kuchini yo‘qotayotganini aytdi. Oziq-ovqat xavfsizligi, kambag‘allik, iqlim o‘zgarishi kabi dolzarb masalalarga e’tibor susaymoqda.

Qurolli mojarolar

Dunyoda tinchlik, adolat va inson qadriga bo‘lgan umumiy ishonchni tiklash har qachongidan ham muhim, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shavkat Mirziyoyev Ukraina atrofidagi vaziyat faqat diplomatik yo‘l bilan hal qilinishi kerakligini aytib, Istanbulda bo‘lib o‘tayotgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar jarayonini olqishladi.

Shu bilan birga, ko‘pdan buyon cho‘zilayotgan G‘azo fojiasiga e’tiboringizni qaratmoqchiman. XXI asrda ko‘z o‘ngimizda ko‘plab begunoh insonlarning nobud bo‘layotganini hech nima bilan oqlab bo‘lmaydi. Bu muammoning yagona yechimi — nizoni xalqaro huquq me’yorlari va qabul qilingan rezolyutsiyalar asosida adolatli hal qilishdir. Falastin xalqi o‘z mustaqil davlatiga ega bo‘lishga haqlidir, — dedi prezident.

Davlat rahbari global kun tartibidagi yana bir masala – Afg‘onistonning tinch va barqaror taraqqiyotiga ko‘maklashish masalasini ko‘tardi. U xalqaro maydonda mamlakatning amaldagi hukumati bilan konstruktiv muloqot o‘rnatish va uning yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik muhimligini eslatdi.

Men hozir ta’kidlab o‘tgan muammolar bo‘yicha barcha sherik davlatlarimizni ochiq va keng ko‘lamli xalqaro hamkorlikka chaqiramiz. Chunki, forumning asosiy mavzusi bo‘lgan investitsiyalar — faqat iqtisodiy taraqqiyotning emas, balki tinchlik va barqarorlikning kafolatidir!

Keling, birgalikda shunday investitsiya muhitini yarataylikki, u daromad keltirish bilan birga, inson qadrini ulug‘laydigan, uning hayotiy manfaatlarini ta’minlaydigan va jamiyat ravnaqiga xizmat qiladigan mustahkam poydevorga aylansin! — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Iqtisodiyot

Shavkat Mirziyoyev hozirgi zamon iqtisodiyoti to‘rtta yo‘nalishda — “yashil iqtisodiyot”, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt, moliya tizimi va «To‘rtinchi sanoat inqilobi» texnologik minerallarga bo‘lgan talabni karrasiga oshirayotganini ta’kidladi.

O‘zbekistonda volfram, molibden, magniy, litiy, grafit, vanadiy, titan va boshqa minerallarning katta zaxiralari aniqlangan. Umuman, yer qa’ri salohiyati 3 trillion dollarga baholanib, mintaqani foydali qazilmalardan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqaradigan «xab»ga aylantirish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Toshkent va Samarqand viloyatlarida “Kelajak metallari” texnoparklari tashkil etilmoqda.

Shu o‘rinda, bir tashabbusni ilgari surmoqchiman: bu sohada geologiya-qidiruv ishlaridan boshlab, tayyor mahsulot zanjirini yo‘lga qo‘ygan investorlarga o‘n yil davomida renta solig‘i qaytarib beriladi.

Ishonchim komil, sizlar bilan uzoq muddatli samarali aloqalarimiz aytib o‘tilgan barcha yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli biznes hamkorlikka aylanadi, — dedi Shavkat Mirziyoyev forum ishtirokchilariga.

O‘zbekistonga investitsiyalar

Shavkat Mirziyoyev ayni paytda “Yangi O‘zbekiston — investitsiyalar uchun katta imkoniyatlar mamlakati” tamoyilini amalga oshirish bo‘yicha barcha choralar ko‘rilayotganini ma’lum qildi.

Prezident global ishlab chiqarish zanjirlariga har bir davlat uchun teng sharoitlarni ta’minlaydigan ishonchli qoidalar zarurligiga e’tibor qaratdi. Bunda JSTning alohida o‘rni bor.

Hech shubhasiz, bu borada Jahon savdo tashkilotining alohida o‘rni bor. Shu bois, kelgusi yilda ushbu Tashkilotning a’zosiga aylanish bo‘yicha oldimizga maqsad qo‘yganmiz va bu borada hamkorlarimiz bilan faol ishlayapmiz. Buning uchun o‘nlab qonun, yuzlab standartlarni xalqaro talablarga moslashtirdik va bu ishlarni shu yil to‘liq yakuniga yetkazamiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Xorijiy investorlar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida O‘zbekistonda mahalliy kompaniyalar bilan bir xil sharoitlarni kafolatlaydigan “milliy rejim” joriy etiladi, davlat organlari bilan hamkorlik qilishda “yagona darcha” tamoyili joriy etildi, investitsiya faoliyatini ortiqcha tekshiruvlardan kafolatli himoya qilish tizimi yaratildi. Bunday chora-tadbirlar orqali 2030-yilga borib O‘zbekistonning kredit reytingini investitsiya darajasiga ko‘tarish rejalashtirilgan.

Mamlakatda davlat kompaniyalarini xususiylashtirishda ularni davlat farovonligiga xizmat qiladigan yirik aktivlarga aylantirish yo‘li tanlandi. 18 ta yirik kompaniya va banklardagi qariyb 2 milliard dollarlik davlat ulushlarini birlashtirgan Milliy investitsiya jamg‘armasi tashkil etildi. Jamg‘armani boshqarishga Franklin Templeton nufuzli xalqaro kompaniyasi jalb qilingan. 2026-yildayoq fond aksiyalari paketini xalqaro IPOga chiqarish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, professional konsultantlar jalb qilinib, ikki yil ichida 29 ta yirik davlat kompaniyasi xususiylashtiriladi.

Hozir O‘zbekistonda transport va logistikaga iqtisodiyotning qon tomiri sifatida qaralmoqda. Shu bois sohaga xususiy kapital faol jalb etilmoqda.

Yana bir muhim yo‘nalish: poytaxtimizda yashayotgan va ishlayotgan aholi soni 5 milliondan oshdi. Shu bois, 2 million aholiga mo‘ljallangan “Yangi Toshkent” shahrini barpo etib, poytaxtimizni megapolisga aylantiramiz.

Bu yerda yiliga 20 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega aeroport, temir yo‘l va avtomobil transportini qamrab olgan “multimodal xab” quriladi. Yirik savdo komplekslari va moliya markazlari qad ko‘taradi. Ushbu mega loyihani birgalikda amalga oshirish uchun investorlar, xalqaro moliya institutlari va xorijiy banklarni taklif qilamiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shavkat Mirziyoyev ochiqlik va do‘stlik siyosati tufayli Markaziy Osiyoda mutlaqo yangi hamkorlik muhiti shakllanganini ta’kidladi. Bugungi forumda ushbu mamlakatlar hukumatlari rahbarlarining ishtirok etayotgani buning yaqqol tasdig‘idir.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Markaziy Osiyoda “Yagona investitsiya va savdo makoni” konsepsiyasini ilgari surishni taklif etamiz.

Shu o‘rinda xalqaro tashkilotlarga murojaat qilmoqchiman: mintaqaviy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun yangi moliyaviy mexanizmlarni yo‘lga qo‘yish vaqti keldi. Birgalikda harakat qilsak, Markaziy Osiyoni tinchlik va taraqqiyot makoniga aylantiramiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mavzuga doir: Savdo, aviaqatnovlar, mehnat migratsiyasi: Mirziyoyev Radev bilan muzokaralar o‘tkazdi — asosiylar Rumen Radev Shavkat Mirziyoyevni o‘zi uchun qulay vaqtda javob tashrifi bilan Bolgariyaga borishga taklif etdi.

Izohlar

Mavzuga oid