7-14-dekabr kunlari Dubay shahrida yoshlar o‘rtasida Paraosiyo o‘yinlari bo‘lib o‘tdi va unda o‘zbekistonlik para atletlar umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi, deya xabar bermoqda MOQ matbuot xizmati.

Kompleks musobaqada Osiyoning 35 davlatidan 1500 nafarga yaqin sportchi 11 sport turi bo‘yicha medallar uchun kurash olib bordi. Para yengil atletika, para taekvondo, bochcha, para suzish, para armrestling va para pauerlifting musobaqalarida ishtirok etgan O‘zbekiston delegatsiyasi jami 197 ta medal (99 ta oltin, 57 ta kumush va 41 ta bronza) qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.

Musobaqa g‘oliblarini Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva, prezidentning sport masalalari bo‘yicha vakili Odil Abdurahmonov, shuningdek, Sport vazirligi, Milliy olimpiya va paralimpiya qo‘mitalari rahbariyati tantanali kutib oldi.

Shundan so‘ng “Olimpiya shaharchasi”da Dubay-2025 yoshlar o‘rtasidagi Paraosiyo o‘yinlarida yuqori natijalarga erishgan para atletlarni tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida Tanzila Norboyeva prezidentning para-sportchilarga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.

Shuningdek, marosimda so‘zga chiqqan mutasaddilar yosh para atletlarni erishgan muvaffaqiyatlari bilan tabriklab, kelgusi sport faoliyatlarida yangi zafarlar tiladi. Tadbir doirasida Paraosiyo o‘yinlari sovrindorlari va ularning murabbiylari bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlandi.

Keyinroq prezident O‘zbekiston terma jamoasini V yoshlar o‘rtasidagi Paraosiyo o‘yinlaridagi tarixiy g‘alaba bilan tabrikladi. Shavkat Mirziyoyev sportchilarning matonatini e’tirof etib, ular o‘rnatgan jahon va Osiyo rekordlari, shuningdek, parayengil atletika va parapauerliftingdagi misli ko‘rilmagan muvaffaqiyatlarni ta’kidladi.

Davlat rahbari murabbiylar va ota-onalarga minnatdorlik bildirib, davlatimiz paralimpiya harakatini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi va sportchilarga yangi zafarlar tiladi.

Eslatib o‘tamiz, o‘zbekistonlik ikki bokschi IBA Jahon chempionatida g‘olib chiqqandi. Musobaqada 108 ta davlatdan 428 nafar sportchi ishtirok etdi.