AQShda Braun universiteti hududida imtihon paytida noma’lum shaxs o‘q uzdi, natijada o‘zbekistonlik talaba halok bo‘ldi, deb xabar bermoqda TIV matbuot xizmati.
Otishma oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi, ulardan biri O‘zbekiston fuqarosi, talaba Muhammadaziz Umurzoqov. O‘zbekistonning Qo‘shma Shtatlardagi diplomatik vakolatxonalari Muhammadazizning oila a’zolari bilan doimiy aloqada bo‘lib, zarur masalalar bo‘yicha AQSH idoralari bilan hamkorlik qilmoqda.
AQShning Rod-Aylend shtati Providens shahridagi Braun universiteti hududida sodir bo‘lgan fojiali otishma oqibatida halok bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi — talaba Muhammadaziz Umurzoqovning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etamiz. Ushbu fojia oqibatida begunoh insonlarning halok bo‘lgani barchamiz uchun og‘ir yo‘qotish bo‘ldi, — deyiladi xabarda.
Marhum Braun universitetining birinchi kurs talabasi bo‘lib, neyroxirurgiya yo‘nalishida tahsil olgan. Hozirda hodisa tafsilotlari o‘rganilmoqda. CNN telekanalining xabar berishicha, otishmada gumon qilinayotgan 24 yoshli Viskonsin shtatidan bo‘lgan Benjamin Erikson qo‘lga olingan.




















