Shavkat Mirziyoyev 14-dekabr kuni qishloq xo‘jaligi xodimlarini kasb bayrami bilan tabriklab, ularning agrar soha rivojiga, mamlakat iqtisodiyoti va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga qo‘shayotgan hissasini qayd etdi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Tabrikda ta’kidlanishicha, iqlim o‘zgarishi va suv resurslari taqchilligi bilan bog‘liq qiyinchiliklarga qaramay, 2025-yilda agrar sohada sezilarli yutuqlarga erishildi. Xususan, zamonaviy agrotexnologiyalar joriy etilib, ekinlarning yangi navlari ekilgani hisobiga hosildorlik yuqori bo‘ldi.

3 mingdan ziyod fermer paxtadan 50-60 sentnerdan, shundan qariyb 1,5 mingtasi 70 sentnerdan yuqori hosil oldi. G‘allachilikda 3,5 mingdan ziyod xo‘jalik o‘rtacha 100 sentnerdan hosil oldi. Eksport salohiyatining o‘sishi ham qayd etildi: O‘zbekiston meva-sabzavot mahsulotlarini import qiluvchi mamlakatlar soni 18 taga ko‘payib, 83 taga yetdi.

Bayram arafasida 110 nafar agrar soha vakillari davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.

Global iqlim oʻzgarishi, suv tanqisligi sharoitida xalqimizning sifatli oziq-ovqatga boʻlgan ehtiyojini taʼminlash eng ustuvor vazifaga aylangan bugungi kunda barcha sohada boʻlgani kabi qishloq xoʻjaligida ham faqat zamonaviy bilim va tajriba, innovatsion yondashuvlar asosida ish olib borgan taqdirdagina koʻzlagan ezgu maqsadlarimizga erisha olamiz, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, kamida 50 foiz paxta hosilini mustaqil yetishtirgan fermerlarga 5 foiz subsidiya, qarzdorligi bo‘lmagan xo‘jaliklarga 2 foizgacha stavkada imtiyozli kredit beriladi. Subsidiyalarni boshqarishning yangi tizimi joriy qilinib, endi ular Agrar sohada to‘lovlar agentligi orqali markazlashtiriladi va faqat elektron platforma orqali rasmiylashtiriladi.

Hosilni sug‘urtalash bo‘yicha yangi tizimni ishga tushirish rejalashtirilmoqda: sug‘urta xarajatlarining 50 foizi davlat tomonidan qoplanadi, hosil yo‘qotilishi uchun kompensatsiyalar Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi jamg‘armasi orqali to‘lanadi. Ilg‘or fermer-mentorlarni hosildorligi past xo‘jaliklarga biriktirish, “Yangi agronom” dasturi doirasida mutaxassislar tayyorlash ko‘zda tutilgan.

Ma’lum qilinishicha, birgina paxtachilikni qo‘llab-quvvatlashga 35 trln so‘m yo‘naltiriladi. Xuddi shunday subsidiyalar boshoqli don yetishtiruvchi fermerlar uchun ham joriy etilishi rejalashtirilgan. Bog‘dorchilikda bog‘ va tokzorlarni yangilash bo‘yicha uch yillik dastur amalga oshiriladi.

Baliqchilikka alohida e’tibor qaratilib, tarmoqni rivojlantirish bo‘yicha yangi dastur, vengriyalik va norvegiyalik hamkorlar bilan hamkorlik qilish, naslli baliqlarni import qilish xarajatlarining yarmini qoplash, baliqchilik xo‘jaliklari uchun soliq va bojxona imtiyozlari berish rejalashtirilgan.

Ana shunday keng koʻlamli vazifalarni muvaffaqiyatli ado etishda siz, azizlar faol ishtirok etasiz va soha rivojini yangi bosqichga koʻtarishga munosib hissa qoʻshasiz deb ishonaman. Sizlarni bugungi qutlugʻ bayram bilan yana bir bor chin dildan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, oilalaringizga tinchlik-omonlik, baxt-saodat va farovonlik tilayman, — deya tabrik nutqini yakunladi prezident.

Mavzuga doir: JSTga a’zolik ortiqcha to‘lovlarni bartaraf etadi va raqobatbardoshlikni oshiradi — prezident. O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasida jiddiy o‘zgarishlar rejalashtirilmoqda.