Prezidentning Toshkentni rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilishi doirasida shaharga kiraverishda avtoturargohlar qurilishi ma’lum qilindi. Ayrim OAV va ijtimoiy tarmoqlarda ma’lumotlar noto‘g‘ri talqin qilindi.
Poytaxtga kirish joylarida tegishli avtoturargohlarni tashkil etish tashrif buyuruvchilarning shaharga kirishini cheklash yoki avtomobillar harakatini taqiqlashni maqsad qilmaydi. Avtoturargohlar Toshkentga kelayotgan fuqarolar uchun qo‘shimcha imkoniyat va qulaylik sifatida joriy etilmoqda.
Haydovchilar o‘z ixtiyori bilan ushbu joylarda avtomobillarini qoldirib, qulay jamoat transportida harakatlanishlari mumkin bo‘ladi. Bunday yechimlar dunyoning yirik shaharlarida keng qo‘llanilayotgan amaliyot sifatida fuqarolarga qo‘shimcha qulaylik sifatida taklif etilmoqda.
Avvalroq Toshkentda boshqaruv o‘zgarishi haqida xabar berilgandi. Hukumat “O‘zbekiston poytaxtining maqomi to‘g‘risida”gi qonunni ishlab chiqadi.
























