Ombudsman tomonidan noyabr-dekabr oylarida “Tenglik va hurmat” platformasi doirasida zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan amaliy tadbirlar o‘tkazildi.

Ushbu tadbirlar Qoraqalpog‘iston, Farg‘ona, Surxondaryo, Namangan, Buxoro, Xorazm, Samarqand va Navoiyda tashkil etildi. Joylarda “Huquqiy yordam avtobusi” orqali xotin-qizlarga manzilli huquqiy maslahatlar berilib, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari belgilandi.

Zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan 80 ga yaqin ayolga alohida yordam ko‘rsatildi. Ularga huquqiy tushuntirishlar berilib, davlat tomonidan berilayotgan imtiyozlar va yordam choralari haqida so‘zlab berildi. Shuningdek, ayollarning psixoemotsional holatini barqarorlashtirish va ularning ijtimoiy moslashuviga ko‘maklashish maqsadida professional psixologlar bilan alohida mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

Ish Ijtimoiy himoya milliy agentligi, viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmalari, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik organlari, IIB va boshqa mutasaddi tuzilmalar bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida:

  • zo‘ravonlik sodir etgan 2 nafar shaxs bilan yakka tartibda profilaktika ishlarini olib borish chora-tadbirlari belgilandi;
  • 2 nafar xotin-qiz o‘zini o‘zi band qilishi uchun grant asosida tikuv mashinasi bilan ta’minlandi;
  • 3 nafar xotin-qiz ishga joylashtirildi, 2 nafariga ish takliflari berildi;
  • 3 nafar ayol davolanish uchun tibbiy yo‘llanma oldi;
  • 4 nafar xotin-qiz kasbga yo‘naltirish dasturlari bo‘yicha o‘qishga yuborildi.