Shavkat Mirziyoyev BMT Davlat xizmati forumi ishtirokchilarini tabrikladi
Tadbir Markaziy Osiyo mintaqasida ilk bor o‘tkazilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo mintaqasida ilk bor o‘tkazilayotgan BMT Davlat xizmati forumi ishtirokchilarini tabrikladi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.
Davlat rahbari BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishga forumni Samarqandda o‘tkazish tashabbusini qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi. Bundan tashqari, prezident barchani BMT tashabbusi bilan 23-iyun kuni butun dunyoda keng nishonlanadigan Davlat xizmati kuni bilan ham tabrikladi.
Barchaga ayonki, bugungi kunda dunyo barqaror rivojlanishga to‘siq bo‘layotgan siyosiy ziddiyatlarning kuchayishi, iqlim o‘zgarishi, tabiiy va inson resurslarining tanqisligi, kibertahdidlar kabi global muammolar bilan to‘qnash kelmoqda. “2030-yilga qadar 5-yil: Barqaror kelajak uchun xizmat ko‘rsatish jarayonlarini jadallashtirish” mavzuida o‘tkazilayotgan mazkur xalqaro anjuman global taraqqiyotda muhim o‘rin tutadigan davlat boshqaruvi va davlat xizmati tizimini takomillashtirish, uni zamon bilan hamnafas holda yangi bosqichga ko‘tarish, kadrlar salohiyati va ularning faoliyat samaradorligini oshirish, bu borada xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.
Mazkur tadbirda Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa nufuzli xalqaro tuzilmalar, dunyoning turli qit’a va mintaqa davlatlaridan kelgan 400 ga yaqin delegatlar ishtirok etayotgani ham ushbu an’anaviy anjumanning maqomi tobora ortib borayotganini yaqqol ko‘rsatadi.
Dunyoga tobora ochilayotgan, jadal islohotlar yo‘lidan borayotgan va ilg‘or xalqaro tajribani keng tatbiq etayotgan, “davlat — xalq uchun” tamoyiliga qat’iy amal qilib kelayotgan Yangi O‘zbekiston davlat xizmati sohasida global o‘zgarishlarning ajralmas bir qismiga aylanayotganini alohida ta’kidlashni istar edim, — dedi prezident.
Islohotlarning har bir xonadonga qadar kirib borishi uchun “mahallabay” ishlash tizimi yo‘lga qo‘yildi, manzilli ko‘mak va ijtimoiy himoya instituti kuchaytirildi, xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi 35 foizga yetib, mamlakatimiz bu borada mintaqada yetakchi o‘rinni egalladi. 700 dan ziyod davlat xizmatlari “yagona darcha” tamoyili asosida onlayn platformalar orqali amalga oshirilmoqda.
Davlat xizmati va boshqaruvi jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish natijasida O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining elektron hukumatlar rivojlanish darajasi bo‘yicha global reytingida 24 pog‘onaga, Sun’iy intellektga tayyorlik bo‘yicha xalqaro indeksda so‘nggi bir yil ichida 17 pog‘onaga ko‘tarildi.
Xalqaro tajriba asosida institusional salohiyatni oshirish va inson kapitaliga investisiya kiritishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida endaument imkoniyatlaridan foydalanish yo‘lga qo‘yilmoqda.
Bunday muhim tashabbus va takliflar Forum doirasida qabul qilinadigan Samarqand deklaratsiyasida o‘zining to‘liq ifodasini topishiga, mazkur muhim hujjat hammamiz uchun inklyuziv, barqaror va inson manfaatlariga yo‘naltirilgan davlat xizmatiga erishish yo‘lida birgalikda harakat qilish bo‘yicha o‘ziga xos dasturilamal bo‘lishiga ishonaman, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mavzuga doir: Aholi jamoat transporti sifati va tirbandliklardan mutlaqo norozi — prezident. Shavkat Mirziyoyev tirbandliklarning oldini olishi kerak bo‘lgan yo‘llardagi kameralar faqat jarima uchun ishlatilayotganini qo‘shimcha qildi.
Izohlar