O‘zbekiston

Aholi jamoat transporti sifati va tirbandliklardan mutlaqo norozi — prezident

Shavkat Mirziyoyev tirbandliklarning oldini olishi kerak bo‘lgan yo‘llardagi kameralar faqat jarima uchun ishlatilayotganini qo‘shimcha qildi.

Aholi jamoat transporti sifati va tirbandliklardan mutlaqo norozi — prezident

Shavkat Mirziyoyev yo‘l harakati sohasida amalga oshirilgan ishlar uchun mutasaddilarni tanqid qildi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

So‘nggi yetti yilda avtomobil yo‘llarini qurish va ta’mirlash uchun ajratilgan 61 trillion so‘mning asosiy qismi xalqaro va respublika ahamiyatidagi yo‘llarga to‘g‘ri kelgan. Ammo o‘lim bilan bog‘liq YTHlarning 75-80 foizi ham aynan shu yo‘llarda sodir bo‘ladi. Bundan tashqari, jamoat transporti sifati va tirbandliklardan aholi mutlaqo norozi.

Aholining yana bir e’tirozi yo‘llarga kameralar o‘rnatilgani bo‘ldi. Ular faqat qoidabuzarlikni qayd etish va jarima yozish uchun ishlaydi, lekin aslida transport oqimini nazorat qilish, tirbandlik va avariyalarni kamaytirish uchun ham xizmat qilishi kerak.

Chorraha, chiziq va yo‘l chiziqlarini tartibga keltirish, svetoforlarni «aqlli» boshqaruvga o‘tkazish ishlari sustligi tanqid qilindi. Poytaxtimizda sun’iy intellekt asosida yo‘l harakatini tartibga solish bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi, lekin natija bo‘lmadi.

Eslatib o‘tamiz, “Xalq nazorati” portali butun O‘zbekiston bo‘ylab ishga tushiriladi. Prezident viloyat hokimlariga fuqarolar muammolari bilan shaxsan shug‘ullanish, ularni qabul bo‘limi boshlig‘i etib tayinlash bo‘yicha topshiriq berdi.

Izohlar

Mavzuga oid