Hodisa

Boysunda archazor yonib ketdi

Olov o‘n soatdan ko‘proq vaqt davomida o‘chirilgan, mutaxassislar Chegara qo‘shinlarining uchuvchisiz uchish apparatlarini qo‘llashga majbur bo‘lgan.

17-iyun kuni Surxondaryo viloyati Boysun tumanida archazor yonib ketdi, deb xabar bermoqda FVV axborot xizmati.

Voqea soat 17:45 da sodir bo‘lgan, viloyat FVBga Boysun tumani Kengdala o‘rmon xo‘jaligi archazorlariga tutash hududda quruq o‘tlar yonganligi to‘g‘risida xabar kelib tushgan.

Voqea joyiga yong‘in-qutqaruv ekipajlari yetib borib, tegishli xizmatlar va ko‘ngillilarning birgalikdagi sa’y-harakatlari natijasida 18 iyun kuni soat 07:10 da 3 gektar maydondagi yong‘in o‘chirilib, uning keng hududlarga tarqalishining oldi olingan.

Yong‘inni o‘chirishga viloyat yong‘in xavfsizligi xizmatining 85 nafar shaxsiy tarkibi va 4 ta texnika, O‘rmon xo‘jaligi boshqarmasining 40 nafar xodimi va 4 ta texnika, IIBning 6 nafar xodimi, Mudofaa vazirligining 20 nafar harbiy xizmatchisi va 1 ta harbiy vertolyoti hamda 40 nafar mahalliy aholidan iborat ko‘ngillilar jalb etilgan.

“Shuningdek, yong‘inni o‘chirishda Chegara qo‘shinlarining uchuvchisiz uchish apparatlaridan yong‘in o‘chog‘ini nazorat qilishda samarali foydalanilgan”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentda sanoat zonasi hududidagi ombor yonib ketdi: FVV rahbariyati voqea joyiga yetib bordi. Hodisga joyiga to‘rtta yong‘in-qutqaruv ekipaji yetib borgan. Jabrlanganlar haqida ma’lumot yo‘q.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная