Yaqin Sharqdagi mojaro O‘zbekistonga ham ta’sir qiladi — Shavkat Mirziyoyev
Davlat rahbari keskinlik davom etsa, pandemiyadan keyin endigina tiklanayotgan savdo aloqalari qiyinlashishini aytdi.

Shavkat Mirziyoyev raisligida 16-iyun kuni videoselektor yig‘ilishi boshlandi, unda davlat rahbari Eron va Isroil o‘rtasidagi yangi ziddiyatni tilga oldi, deb xabar bermoqda prezident axborot xizmati.
Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan besh oyda mamlakatda sanoat 6,4 foizga, eksport 18 foizga, xorijiy investitsiyalar 46 foizga o‘sgan. 3 milliard dollarlik 2,5 mingdan ziyod yangi quvvatlar ishga tushirilib, 2,4 million aholi daromad olishi ta’minlangan.
Biroq davlat rahbari Yaqin Sharqdagi yangi mojaro O‘zbekistonga ham ta’sir qilishi mumkinligini aytdi.
“Lekin kuni kecha dunyoda yana bir mojarolar o‘chog‘i avj olgani nafaqat Yaqin Sharq, balki mintaqamizga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi. Keskinlashuv davom etsa, pandemiyadan keyin endi-endi tiklanayotgan savdo aloqalari va logistika marshrutlari qiyinlashadi”, — dedi prezident.
Bundan tashqari, Mirziyoyev har bir vazir va hokimni ko‘rsatma kutib o‘tirmasdan, o‘z ishida tashabbus ko‘rsatishga chaqirdi.
“Tinchlik, adolat va inson qadrini ulug‘lashga bo‘lgan ehtiyoj har qachongidan ham oshib borayapti. Shu bois har bir hokim hududidagi, vazirlar esa tarmog‘idagi imkoniyat va xavflarni oldindan ko‘ra bilib, proaktiv, ya’ni topshiriq kutmasdan, o‘zi tashabbus ko‘rsatib ishlashga o‘tishi shart”, — dedi prezident.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning Isroil va Erondagi elchixonalari raketa hujumlari xavfi tufayli mamlakat hududida yashayotgan yoki vaqtincha bo‘lib turgan vatandoshlarga zudlik bilan murojaat qilgandi. O‘zbekistonliklarni xavfsizlik choralariga rioya qilishga, trevoga signallari bo‘lganda zudlik bilan bomba boshpanalariga yashirinishga, Isroil hukumati va O‘zbekiston elchixonasi tomonidan e’lon qilingan rasmiy ma’lumotlarni kuzatib borishga, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni, shuningdek, favqulodda vaziyatlarda elchixonaning aloqa ma’lumotlarini o‘zlari bilan olib yurishga chaqirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning Isroil va Erondagi elchixonalari raketa hujumlari xavfi tufayli mamlakat hududida yashayotgan yoki vaqtincha bo‘lib turgan vatandoshlarga zudlik bilan murojaat qilgandi. Ayrim aviareyslar Toshkentga uchishga majbur bo‘lgan. Bundan tashqari, O‘zbekiston Isroilning Eronga qarshi harbiy operatsiyasidan xavotirda. Mamlakat TIV keng ko‘lamli qarama-qarshiliklardan xavotirda.
Izohlar