Oliy Majlis deputatlari Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi, Iqtisodiyot va moliya vazirlariga O‘zbekistonda atmosfera havosini muhofaza qilish, chiqindilarni qayta ishlash, ekologik monitoringni kuchaytirish va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha qanday choralar ko‘rilayotgani haqida ma’lumot berishni so‘rab parlament so‘rovi yubordi.

Muhokama jarayonida deputatlar so‘nggi yillarda mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, energiya samaradorligini oshirish, chiqindilarni kamaytirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish va ekologik toza texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar faol amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Ta’kidlanganidek, “Energetika islohotlari uchun innovatsion uglerod resurslarini qo‘llash” loyihasi asosida 2023-yilda hukumat energetika sohasida tarif islohotlarini amalga oshirdi, bu issiqxona gazlari chiqindilarini 6,3 million tonna karbonat angidrid ekvivalentiga kamaytirish imkonini berdi. Shu bilan birga, ushbu qisqartirishlarning bir qismi xalqaro uglerod birliklari bozoriga yo‘naltirilgan bo‘lib, bu 7,5 million dollarlik grant mablag‘larini jalb qilish imkonini berdi.

Ushbu chora-tadbirlar 6,3 mln kVt/soat elektr energiyasi, 82 ming kub metrdan ortiq suv va 1 050 tonnadan ortiq xomashyoni tejash imkonini bergani ta’kidlandi. 2025-yilda 140 ta yirik sanoat va sement ishlab chiqarish korxonalarida ham mutaxassislar tomonidan zamonaviy chang va gaz tozalash qurilmalari o‘rnatildi. Shuningdek, 2024-yilning bahor-kuz mavsumida sanoat korxonalari tomonidan tutash hududlarda “yashil belbog‘lar” barpo etish ishlari amalga oshirilib, 11,8 mln tup daraxt va buta ko‘chatlari ekilgani ta’kidlandi.

Mamlakatning o‘rmon bilan qoplanganlik darajasini oshirish uchun 2024-yilda davlat o‘rmon fondining foydalanilmayotgan 7 ming gektar yer maydoni o‘zlashtirildi. Shu bilan birga, deputatlar mamlakatda atmosfera havosini muhofaza qilish, chiqindilarni qayta ishlash, ekologik monitoringni kuchaytirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish masalalari hamon dolzarb bo‘lib qolayotganini ta’kidladi.

Shu munosabat bilan ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi, iqtisodiyot va moliya vazirlariga atmosfera havosiga zararli moddalar chiqarayotgan va normativdan ortiqcha ifloslantiruvchi ishlab chiqarish oqova suvlarini hosil qilayotgan korxonalarning holatini baholash, zararli moddalar tashlamalari hajmini kamaytirish, “Yashil sertifikat” ekologik sertifikatini joriy etish, texnologik jarayonlarni ekologik markirovkalash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining “yashil” iqtisodiyot tamoyillariga o‘tishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berish yuzasidan parlament so‘rovi yuborildi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentda ketma-ket ikki kundan beri havo yomonlashayotgani qayd etilmoqda. Shunday qilib, havoning kuchli ifloslanishi fonida O‘zgidromet poytaxt aholisi va mehmonlariga murojaat qilib, ehtiyot choralarini ko‘rishni, shuningdek, ochiq havoda bo‘lishni kamaytirishni va ko‘chaga chiqqanda niqob taqishni so‘radi.

Andijonda ham xavfli havo muhiti kuzatilmoqda. Shahar atmosferasida mayda PM10 zarrachalarining konsentratsiyasi 502 mkg/m³ ni tashkil etdi, bu ruxsat etilgan soatlik me’yordan 1,0 baravar yuqori. PM2,5 mayda dispers zarrachalarining konsentratsiyasi 314 mkg/m³ ni tashkil etdi, bu ruxsat etilgan soatlik me’yordan 8,9 baravar yuqori.

Avvalroq Toshkent shahri va Toshkent viloyatida havoni yomonlashtiruvchi issiqxonalarga qarshi reydlar o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi. Ayrim fuqarolarga nisbatan choralar ko‘rildi.