Toshkent shahrida poytaxt hokimligi bilan kelishilgan holda 78 ta gaz quyish shoxobchasi yagona jadval asosida ishlaydi, deb xabar bermoqda “Hududgazta’minot” axborot xizmati.

Aholi xonadonlari va ijtimoiy obyektlarda tabiiy gaz bosimi pasayishining oldini olish maqsadida respublika bo‘ylab metan zapravkalar faoliyatiga vaqtinchalik cheklovlar kiritilmoqda. Endi ular faqat soat 06:00 dan 23:00 gacha ishlaydi. Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, chora majburiy va vaqtinchalik bo‘lib, gaz bosimini normallashtirish ishlari davom etmoqda.

Shu bilan birga, mamlakat hududlarida metan gaz quyish shoxobchalarining yangilangan ish jadvallari amal qila boshlaydi:

  • Andijon viloyati — 143 shoxobcha, 05:00–17:00;
  • Namangan viloyati — 134 shoxobcha, 05:00–17:00;
  • Farg‘ona viloyati — 173 shoxobcha, 06:00–18:00;
  • Navoiy viloyati — 51 shoxobcha, 06:00–19:00;
  • Xorazm viloyati — 94 shoxobcha, 05:00–17:00;
  • Surxondaryo viloyati — 106 shoxobcha, 06:00–17:00

Avvalroq O‘zbekistonda gaz quyish shoxobchalari faoliyati yana cheklangandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, “qo‘shni davlat” gaz tizimida yuzaga kelgan texnik nosozlik oqibatida import qilinayotgan tabiiy gaz hajmi qisqargan, bu borada zarur choralar ko‘rilmoqda. Vazirlik nosozliklar qaysi davlatda yuzaga kelganiga aniqlik kiritmagan.