O‘zbekistonda dekabr oyi boshidan buyon 200 mingdan ortiq abonentga chiqindilarni olib chiqish uchun to‘lovlar bo‘yicha qarzdorlik mavjudligi sababli elektr energiyasi uchun to‘lovlarni qabul qilish cheklandi, deb xabar bermoqda Chiqindilarni boshqarish agentligi matbuot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, qishning birinchi oyida 231 ming abonent 2100 qisqa raqamidan chiqindilarni olib chiqib ketish bo‘yicha debitor qarzdorligi mavjudligi to‘g‘risida xabarnoma olishga ulgurgan. Jami 20,1 mlrd so‘mni tashkil etdi. Xabarnoma olinganidan besh kun o‘tib, iste’molchilar atigi 9,4 mlrd so‘m to‘lagan.
Natijada, 6-dekabr holatiga ko‘ra, “Hududiy elektr tarmoqlari” tomonidan 204 895 ta abonentdan to‘lovlarni qabul qilish vaqtincha cheklandi va chiqindilarni olib chiqib ketish sohasidagi umumiy debitor qarzdorlik 18,2 mlrd so‘mni tashkil etdi. Qayd etilishicha, cheklovlarning to‘liq olib tashlanishi abonent tomonidan qarzdorlik to‘langandan so‘ng darhol amalga oshiriladi.
Avvalroq Toshkent aholisi chiqindi tashish mashinalarini onlayn kuzatishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Poytaxt hokimligi va Transport vazirligi maxsus transportning kelish vaqti va chiqindilar hajmini ham ko‘rsatadigan saytni ishga tushirdi.



















