Toshkentning ikki tumani tuni bilan chiroqsiz qoladi
Elektr ta’minotidagi uzilish aslida bir kun oldin bo‘lishi kerak edi.

Toshkentning Chilonzor va Yakkasaroy tumanlari 14-iyulga o‘tar kechasi elektr ta’minotidan qisman uziladi. Bu haqda poytaxt IES axborot xizmati xabar bermoqda.
O‘chirishlar 14-iyul kuni soat 00:00 dan 08:00 gacha davom etadi. Ular ushbu tumanlarni elektr energiyasi bilan ta’minlovchi 35/6 kVli “Chilonzor” podstansiyasidagi ma’nan va jismonan eskirgan uskunalarni almashtirish bilan bog‘liq. Elektr ta’minoti quyidagi joylarda to‘xtatiladi:
- Yakkasaroy tumani: “Shohjahon”, “Belariq”, “Rakatboshi” va “Rakat” mahallalarida;
- Chilonzor tumani: “1-Charx Kamolon”, “2-Charx Kamolon”, “Katta Chilonzor”, “Novza”, “Beshchinor”, “Ko‘rkam”, “Qozirobod”, “1-Katta Chilonzor”, “2-Katta Chilonzor” va “3-Katta Chilonzor” mahallalarida.
Bundan tashqari, 14-iyul kuni soat 09:00 dan 17:00 gacha Bektemir tumanidagi “Musaffo”, “Nurliyo‘l” va “Sohil” mahallalarida ham elektr energiyasi o‘chiriladi.
Yuqorida ko‘rsatilgan uchastkalarda ta’mirlash ishlari rejalashtirilgan muddatdan oldin tugallanishi mumkin. “Toshkent shahar elektr tarmoqlari” MCHJ keltirilgan noqulayliklar uchun iste’molchilardan uzr so‘radi.
Izohlar