Toshkentda fuqaro uyni ta’mirlash vaqtida qurol, o‘q-dorilar va portlovchi moddalarni topib oldi, deb xabar bermoqda IIV matbuot xizmati.
Hodisa 2-dekabr kuni sodir bo‘lgan, uyning yerto‘lasida ta’mirlash paytida fuqaro qurol va o‘q-dorilarni topib olgan. Voqea joyiga yetib borgan IIB xodimlari tomonidan 1 dona RGD-5 rusumli qo‘l granatasi, 1 dona TOZ-8 rusumli o‘qotar qurol, 1 dona IJ-27E rusumli o‘qotar qurol, 1 dona portlovchi moslama, 5 dona qo‘l granatasining zapali, 1 dona elektrodetonator va detonatsiya shnuri borligi aniqlangan.
Shuningdek, 546 dona turli jangovar o‘q-dorilar, 1100 dona pnevmatik qurol o‘qlari va o‘tkir tig‘li sovuq buyumlar topilgan. Tezkor surishtiruv davomida ushbu qurol, o‘q-dori va portlovchi moddalar marhum otasiga tegishli ekani aniqlangan. U Mudofaa vazirligining turli bo‘linmalarida xizmat qilgan va Qurolli Kuchlar akademiyasidan nafaqaga chiqqan.
Bunday mablag‘larni qonunga xilof ravishda saqlash, olib yurish yoki topshirmaslik holatlari aniqlangan taqdirda, shaxs Jinoyat kodeksining 248-moddasi bilan javobgarlikka tortilishi va ikki yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Qashqadaryoda muqaddam sudlangan erkakdan 20 kg giyohvandlik moddasi topilgandi. Jinoyatchi taqiqlangan moddalarni keyinchalik sotish uchun saqlagan.




















