“Yashil makon”ning bahorgi mavsumi tahlili yana bir bor kamchiliklarni ko‘rsatdi
Daraxtlar ba’zi joylarda yetarlicha tahlil qilinmasdan ekilmoqda, ba’zan ularga yetarlicha e’tibor berilmaydi, natijada ular nobud bo‘lmoqda.

20-may kuni Senatning Ekologiya masalalari qo‘mitasi majlisida Ekologiya vazirligi rahbarining “Yashil makon” loyihasi doirasida daraxtlar ekish va parvarishlash, «yashil belbog‘lar» barpo etish bo‘yicha axboroti eshitildi.
Majlisda senatorlar, “Yuksalish” harakati, Ekopartiya mas’ullari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining agrar, suv xo‘jaligi va ekologiya masalalari bo‘yicha doimiy komissiyalari a’zolari, Yoshlar parlamenti a’zolari, ekspertlar, vazirlik va idoralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
“Yashil makon” loyihasi doirasida 2025-yil bahorida 136 million tup daraxt va buta ko‘chatlari ekildi. Ko‘chatlarni agrotexnik talablar asosida ekish, parvarishlash, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish bo‘yicha 1,5 mingdan ortiq amaliy seminarlar o‘tkazildi.
Bundan tashqari, Davlat o‘rmon fondining 126 ming gektar yer maydonida o‘rmonlar barpo etish va qayta tiklash tadbirlari o‘tkazildi. Orol dengizining qurigan tubida va Orolbo‘yi mintaqasida 124,5 ming gektar maydonda yashil maydonlar barpo etildi, 1,5 ming gektar maydonda o‘rmonlarni tiklash ishlari olib borilmoqda.
Hududlarga tuproq-iqlim sharoitiga mos ko‘chatlar yetkazib berish maqsadida 1 ming 300 ta savdo yarmarkasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. O‘rmon xo‘jaliklari tomonidan 1024 ta mahallaga 808 ming tup ko‘chat yetkazib berildi. Ekofond hisobidan maktab va bog‘chalarga 409 ming tup, sog‘liqni saqlash muassasalariga 493 ming tup ko‘chat yetkazib berildi.
“Yashil makon” loyihasini amalga oshirishda ayrim kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan: bahorda ekilgan 14 mingga yaqin ko‘chatni sug‘orish tizimi tashkil etilmagan. Ayrim hollarda hududlarning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, daraxt va butalarning maqbul turlari tanlanmasdan ekilgan.
Ayrim vazirlik, idora va tarmoqlarda daraxt ekish, ekilgan ko‘chatlarni parvarishlash, sug‘orish, nobud bo‘lishining oldini olish, o‘tgan mavsumlarda ekilgan, tabiiy va boshqa omillar ta’sirida qurib qolgan daraxtlarni xatlovdan o‘tkazib, o‘rniga yangi ko‘chatlar ekish amaliyotiga yetarlicha e’tibor qaratilmayapti.
Jizzax, Farg‘ona, Qashqadaryo, Toshkent, Namangan viloyatlari va Toshkent shahrida qurilish materiallari, energetika va metallurgiya sanoati korxonalari tomonidan 5 gektar maydonda “yashil belbog‘” barpo etish ishlari olib borilmayapti.
Bundan tashqari, atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatish xavfining I-II toifalariga kiritilgan 1 ming 306 ta sanoat korxonasidan 419 tasida ko‘chat ekish ishlari talab darajasida tashkil etilmagan. Mutaxassislar ularga kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar berishdi.
Xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga “Yashil makon” umummilliy loyihasi ijrosi ustidan qat’iy deputatlik va jamoatchilik nazoratini davom ettirish, Kengash sessiyalarida hududiy ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmalarining bu borada amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi axborotini eshitib borish tavsiya etildi.
Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining agrar, suv xo‘jaligi va ekologiya masalalari bo‘yicha doimiy komissiyalari a’zolari uchun “Yashil makon” loyihasini amalga oshirishda nazoratning muhim jihatlari bo‘yicha seminar tashkil etildi. Majlis yakunida ko‘rib chiqilgan masala yuzasidan Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentda yangi bog‘ paydo bo‘ladi. U “Yashil makon” loyihasi doirasida tashkil etiladi.
Izohlar