Toshkent shahri va viloyatida havoni ifloslantirgani uchun yuzdan ortiq issiqxonalar yopildi
Ekologiya vazirligi, Bosh prokuratura, Toshkent shahri va poytaxt viloyati hokimliklari 300 dan ortiq mutaxassisdan iborat ishchi guruh tuzdi.

Toshkent shahri va Toshkent viloyatida 106 ta xo‘jalik yurituvchi subyekt faoliyati vaqtincha to‘xtatildi, 58 ta issiqxona egalariga nisbatan ma’muriy jarimalar qo‘llanildi.
Ekologiya vazirligi, Bosh prokuratura, Toshkent va Toshkent viloyati hokimliklari 300 dan ortiq mutaxassisdan iborat ishchi guruh tuzdi. Guruh poytaxt mintaqasida joylashgan issiqxona xo‘jaliklari, sanoat korxonalari, qurilish materiallari zavodlari va boshqa yirik ishlab chiqaruvchilar, shuningdek, ijtimoiy obyektlarni to‘liq hisobga oldi.
4 869 ta obyekt, shundan 595 ta issiqxona xo‘jaligi (381 tasi Toshkent viloyatida va 214 tasi Toshkent shahrida), 2 265 ta ijtimoiy obyekt va 1 998 ta sanoat korxonalari va qurilish materiallari zavodlari tekshiruvdan o‘tkazildi. Barcha obyektlarda profilaktik va tushuntirish ishlari olib borildi.
Tekshiruvlar davomida atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi talablar buzilganligi aniqlandi. Ayrim korxonalarda atmosferaga zararli kimyoviy, fizikaviy va biologik moddalar chiqarish holatlari qayd etilgan. Aniqlangan har bir holat bo‘yicha bunday huquqbuzarliklarning oldini olish va kamaytirishga qaratilgan qat’iy choralar ko‘rildi.
Xususan, tutun chiqarish qurilmalaridan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun:
- 58 ta issiqxona xo‘jaligi egalari ma’muriy javobgarlikka tortilgan;
- 106 ta xo‘jalik faoliyati to‘xtatilgan;
- Faoliyatni ekologik talablarga muvofiqlashtirish, plyonka, avtomobil shinalari va o‘simlik qoldiqlaridan yoqilg‘i sifatida foydalanmaslik bo‘yicha 387 ta xo‘jalikka rasmiy ogohlantirishlar yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bosh prokuror o‘rinbosari Sherzod To‘xtaboyev boshchiligidagi ishchi guruh ekologiya xizmati, hokimlik, sanitariya xizmati va FVV vakillari ishtirokida Toshkent shahri va Toshkent viloyati, jumladan, Zangiota tumanida ekologik reydlar o‘tkazib, issiqxona xo‘jaliklari faoliyatini o‘rgangandi.
Avvalroq vazirlarga havo ifloslanishi bilan bog‘liq muammolar bo‘yicha so‘rov yuborilgan edi. Deputatlar sanoat chiqindilarini kamaytirish uchun nimalar qilinayotgani haqida batafsil tushuntirish berishni so‘radi.
Izohlar