Vodorod sulfidi va ammiak: ekologlar Navoiy havosi ifloslanishining sababini topdi
Zavod atrofidagi atmosfera ham is gazi bilan to‘lgan.

Avvalroq 19 va 13-iyul kunlari Navoiy shahri chang-to‘zon bilan qoplangani, mahalliy aholi ijtimoiy tarmoqlarda “Navoiyazot” kimyo korxonasini havoning ifloslanishida ayblay boshlagani haqida xabar berilgandi. Viloyat Ekologiya boshqarmasi holatga munosabat bildirdi.
Navoiy viloyati Ekologiya boshqarmasi Analitik laboratoriyasi va “Navoiyazot” AJ Sanitariya laboratoriyasi tomonidan korxona hududida EKOLAB (gaz analizatori) uskunasi yordamida tahlillar o‘tkazilib, atmosfera havosi tarkibi o‘rganildi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, “Navoiyazot” AJ va sanoat zonasi atrofidagi atmosfera havosida ammiak miqdori ruxsat etilgan me’yordan 1,4 barobar, vodorod sulfid esa 16,8 barobar yuqori ekanligi aniqlandi.
Bundan tashqari, Navoiy viloyati Gidrometeorologiya boshqarmasi laboratoriyasi ma’lumotlariga ko‘ra, birinchi kuzatuv punktida (Zulfiya ko‘chasi) is gazi darajasi me’yordan 1,04 baravar, ammiak 1,1 baravar oshgan. Ikkinchi punktda (Memorlar ko‘chasi) ammiak miqdori ruxsat etilgan ko‘rsatkichlardan 1,2 baravar oshdi.
“Hozirda “Navoiyazot” korxonasida tekshiruv o‘tkazish va aniqlangan kamchiliklarni aniqlash uchun hujjatlar tayyorlanmoqda”, deyiladi Ekologiya boshqarmasi xabarida.
Eslatib o‘tamiz, “Navoiyazot” axborot xizmati ayblovlarni asossiz deb atab, ularning chiqindilarni nazorat qilish uskunalari hech qanday ortiqcha chiqindilarni aniqlamaganini ma’lum qilgandi.
Izohlar