Shavkat Mirziyoyev 16-dekabr kuni Toshkent shahrini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Prezident “Tashkent City”ga o‘xshash yangi “siti”lar qurish rejalarini ma’lum qildi. Majmualar Chilonzor, Yakkasaroy va Olmazor tumanlarida bo‘ladi, ularga 2,5 milliard dollar sarflanadi.
Prezident shaharning Uchtepa tumanida barpo etilayotgan “Uchtepa siti” haqida batafsil to‘xtalib, 37 gektar maydonda zamonaviy mehmonxonalar, biznes markazi, savdo-ko‘ngilochar majmua va turar joylar qurilishi rejalashtirilganini ma’lum qildi. Bularning hammasi milliard dollarga.
Shuningdek, Uchtepa, Chilonzor, Yakkasaroy, Shayxontohur va Olmazor tumanlari xizmat ko‘rsatish, kreativ iqtisodiyot, dizayn va turizmga ixtisoslashtirilishi belgilandi.
Mirzo Ulug‘bek, Yunusobod, Mirobod va Yashnobod tumanlarida sun’iy intellekt, startap, fintech, moliya, tibbiyot, ta’lim kabi yo‘nalishlarda loyihalar rivojlantiriladi. Bunga yana bir milliard dollar sarflanadi.
Avvalroq prezident yig‘ilishda 2030 yilga borib shaharning har bir fuqarosi yiliga 15 ming dollardan daromad olishini ma’lum qilgandi.





















