11-dekabr kuni Bekobod tumani “Qoraqo‘yli” mahallasida jinoyat qidiruv tezkor vakili piyodani urib yubordi, deb xabar berdi Bosh prokuratura.

Nexia-3 avtomashinasini boshqarib ketayotgan huquq-tartibot idorasi xodimi 43 yoshli piyodani urib yuborgan. Erkak olgan tan jarohatlari oqibatida voqea joyida vafot etgan. Mazkur holat yuzasidan Bekobod tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (odam o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) va 117-moddasi 2-qismi (odam o‘limiga sabab bo‘lgan xavf ostida qoldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Gumonlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi tanlangan. Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, marhumning jasadi hanuzgacha topilmagan, qidiruv ishlari olib borilmoqda.

Avvalroq Toshkentda piyodalar o‘tish joyida erkakni avtobus va avtomobil navbatma-navbat urib ketgani haqida xabar berilgandi. Piyoda olgan tan jarohatlari oqibatida voqea joyida vafot etgan, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.