Samarqand viloyatida huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan marmar plitalar orasiga yashirilgan 37 kg dan ortiq giyohvandlik vositalari aniqlandi, deb xabar bermoqda DXX matbuot xizmati.
Tadbir davomida 1992-yilda tug‘ilgan chet el fuqarosi, shuningdek, Samarqand viloyatida yashovchi, 1981 va 1995-yillarda tug‘ilgan uch nafar O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olingan. Xorijlik giyohvand moddalarni marmar plitalar orasiga yashirib, mamlakat hududiga olib kirgan, mahalliy aholi esa ushbu giyohvand moddani sotish bilan shug‘ullangan.
Olib borilgan tezkor tadbirlar davomida jami 37 kg 421 gr “ekstraksion opiy” giyohvandlik vositasi ashyoviy dalil sifatida olingan. Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchilar hibsga olingan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
























