10-dekabr kuni ob-havo keskin yomonlashgani sababli “Qamchiq” dovonidagi yo‘l yopildi, deb xabar bermoqda YHXX matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, ob-havoning keskin yomonlashishi, kuchli qor yog‘ishi va qor ko‘chishi xavfi yuqoriligi sababli soat 02:30 dan boshlab yo‘l yopilgan. Ob-havo yaxshilangandan keyin transport harakati tiklanadi. Yo‘lning ochilishi haqida keyinroq qo‘shimcha ma’lumot beriladi.

Eslatib o‘tamiz, “Qamchiq” dovonida birinchi qor 4-dekabr kuni yoqqan edi. O‘shanda mutaxassislar fuqarolarga qulaylik yaratish va ularning xavfsizligini ta’minlash maqsadida maxsus texnikalar yo‘llarni tozalashga tayyorligini ma’lum qilgandi.

9-dekabr kuni haydovchilar NOVA24`ga hozircha ko‘rinish yaxshi saqlanib qolayotganini ma’lum qilgandi. Biroq yo‘lning qatnov qismida olib borilayotgan ishlar va tayyorlanmagan avtomobillarning kichik to‘qnashuvlari tufayli tirbandlik yuzaga kelgan. Sun’iy yo‘ldoshlar ham trassada katta tirbandlik borligini ko‘rsatgan.

UPD: soat 12:30 holatiga ko‘ra, A-373 Toshkent—Ohangaron—Angren—Qo‘qon—Shahrixon—Andijon avtomobil yo‘lining 80-201 km qismida avtomobillar harakati to‘liq to‘xtadi, shu sababli Qamchiq dovoni avtomobillar harakati uchun qayta ochildi. Matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, har ikki yo‘nalishda ham transport harakati xavfsiz.

Shuningdek, Qamchiq dovoni Yo‘l xo‘jaligi boshqarmasi tomonidan “Qamchiq” dovoni orqali harakatlanayotgan barcha haydovchilarga ob-havo sharoitini inobatga olgan holda tezlikni me’yoridan oshirmaslik, oraliq masofani saqlash va barcha xavfsizlik choralarini ko‘rish tavsiya etildi.

Eslatib o‘tamiz, Qamchiq dovonida Isuzu yuk mashinasi haydovchisi mudhish YTHga uchragandi. Isuzu haydovchisi tormoz tizimidagi nosozlik tufayli boshqaruvni yo‘qotib, temir to‘siqqa borib urilgan. Erkak qo‘l jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.