Buyuk Britaniya Rossiyaga qarshi sanksiyalar ro‘yxatini yangiladi, unga 24 nafar jismoniy va yuridik shaxs, jumladan, to‘rtta kompaniya va o‘zbekistonlik tadbirkor kiritildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ro‘yxatga O‘zbekiston, Rossiya va Isroil fuqaroligiga ega toshkentlik 71 yoshli Mo‘minov Rustam Rahimjonovich ham kiritilgan. Hujjatda aytilishicha, u “moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish yoki bunday harakatlarga hissa qo‘shishi mumkin bo‘lgan pul mablag‘lari, iqtisodiy resurslar, tovarlar yoki texnologiyalarni taqdim etish orqali Ukrainani beqarorlashtirishda yoki Ukrainaning hududiy yaxlitligi, suvereniteti yoki mustaqilligiga putur yetkazish yoki tahdid solishda ishtirok etgan yoki ishtirok etgan”.

Shuningdek, ro‘yxatga quyidagilar ham kiritilgan:

  • Farg‘ona kimyo zavodi;
  • “Chemistry International” MCHJ QK (Navoiy);
  • “Raw Materials Cellulose” MCHJ (Jizzax);
  • “Gelion Business Trade” MCHJ (Toshkent shahri).

Asos sifatida kompaniyalar “tovarlar yoki texnologiyalarni taqdim etish orqali Ukrainani beqarorlashtirishda ishtirok etayotgani yoki ishtirok etgani” da’vo qilinmoqda. Reglament moliyaviy sanksiyalar, jumladan, aktivlarni muzlatish, shuningdek, trast xizmatlarini ko‘rsatishni taqiqlashni nazarda tutadi.