O‘zbekiston

O‘zbekistonda ayrim tovarlar uchun ekologik yig‘im joriy etish rejalashtirilmoqda

Birinchi bosqichda u batareya va akkumulyatorlarga hamda transport vositalariga tegadi.

Фото: Ситуативное

O‘zbekistonda hududlar tajriba doirasida turli xil chiqindilarni utilizatsiya qilish va qayta ishlash usullarini joriy etishni boshlaydi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov “O‘zbekiston 24” telekanali efirida ma’lum qildi.

Loyihani amalga oshirish uchun mutaxassislar “alohida e’tibor” talab qiladigan 15 ta asosiy chiqindi turini aniqladilar, ular orasida farmatsevtika va tibbiyot chiqindilari, organik chiqindilar, zaharli va radioaktiv ifloslanishlar bor. Keyinchalik har bir tur viloyatlarga taqsimlandi.

Xususan, Toshkent shahrida qurilish chiqindilarini qayta ishlashga 270 million dollar investitsiya jalb qilinishi rejalashtirilgan. Samarqand viloyatida hukumat umumiy investitsiya hajmi qariyb 18,5 million dollar bo‘lgan elektron chiqindilarni qayta ishlashni yo‘lga qo‘ymoqchi. Bundan tashqari, loyihani amalga oshirish uchun mamlakatda chiqindilarni qayta ishlashni rag‘batlantirish uchun ekologik yig‘im joriy etish rejalashtirilgan bo‘lib, u hozirda atigi 5 foizni tashkil etadi.

Ta’kidlanishicha, birinchi bosqichda yig‘im batareya va akkumulyatorlar, transport vositalari, moylash materiallari, qadoqlar, shinalar va rezina kameralar, shuningdek, shisha buyumlarga taalluqli bo‘ladi. Bundan tashqari, hukumat ishlab chiqaruvchilarni chiqindilarni utilizatsiya qilishga majburlamoqchi. Buning uchun Chiqindilarni boshqarish agentligi huzurida qayta ishlash loyihalariga “yashil” subsidiyalar ajratadigan maxsus jamg‘arma tashkil etiladi.

Shuningdek, Ekologiya vazirligi rahbari avvalroq davlat rahbariga ma’lum qilingan chiqindi tashish mashinalari harakatini kuzatish platformasi nafaqat texnikaning kelish vaqtini belgilash, balki operatorlar tomonidan xizmat ko‘rsatish sifatini ham nazorat qilishini ta’kidladi. Bunda sifatsiz xizmatlar ko‘rsatilgan taqdirda operatorlar jazolanishi, aholi esa chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatlari uchun to‘lovlardan ozod etilishi mumkin.

Avvalroq O‘zbekistonda yil oxirigacha 18 ta chiqindi poligoni yopilishi ma’lum qilingandi. Bir necha yildan so‘ng kuniga 14 ming tonna chiqindini qayta ishlash quvvatlarini ishga tushirish rejalashtirilgan.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная