O‘zbekistonda avtomobildan chiqindi tashlaganlik uchun jazoni kuchaytirish rejalashtirilmoqda, deb xabar bermoqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi.
Hozirda 91-1-modda (Belgilanmagan joylarga qattiq maishiy va qurilish chiqindilarini tashlash, shuningdek suyuq maishiy chiqindilarni to‘kish) bo‘yicha jismoniy shaxslarga BHMning 1 baravaridan 3 baravarigacha (375 ming so‘mdan 1,1 mln so‘mgacha), takroran sodir etilganda esa 5 baravaridan 10 baravarigacha (1,8 mln so‘mdan 3,7 mln so‘mgacha) miqdorda jarima belgilangan.
Hokimiyat vakillari bunday huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirish taklifini kiritmoqda. Birinchi huquqbuzarlik uchun 3-5 BHM (1,1-1,8 mln so‘m), takroriy huquqbuzarlik uchun esa 10-15 BHM (3,7-5,6 mln so‘m) miqdorida jarima solish taklif etilmoqda.
Avvalroq xabar qilinganidek, o‘zbekistonliklar noqonuniy chiqindi tashlashda minglab marta qo‘lga tushgan. Axlat to‘planib qolgan 80 gektar yer maydonlari tozalangan.



















