Toshkent viloyatida aholi milliardlab so‘mlik gazni noqonuniy sarflagani aniqlandi
Jinoyatchilardan biri uyida novvoyxona ochishga qaror qilgan.

Toshkent viloyatida 3,4 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi, deb xabar bermoqda “Hududgazta’minot” matbuot xizmati.
Huquqbuzarlikning birinchi holati Bo‘stonliq tumani “Xo‘jakent” mahallasidagi turar joy binosida aniqlangan. Ma’lum bo‘lishicha, gaz egasi loyiha-texnik hujjatlarsiz tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan. Mazkur holat bo‘yicha qayta hisob-kitob qilinib, 3 mlrd 43 mln so‘mlik zarar aniqlangan.
Yana bir holat Ohangaron tumani “Ilg‘or” mahallasida yashovchi fuqaroning uyida aniqlangan. Tabiiy gazdan foydalanish holati o‘rganilganda, iste’molchi loyiha-texnik hujjatlarsiz o‘zboshimchalik bilan gaz tarmog‘iga ulanib, novvoyxona ochgani aniqlangan. Mazkur holat yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtirilib, 395 mln 900 ming so‘mlik zarar qayta hisob-kitob qilingan.
Yuqoridagi noqonuniy foydalanish holatlari bo‘yicha barcha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirildi, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Farg‘ona vodiysi viloyatlarida gaz quyish shoxobchalarida gaz ta’minoti ikki kunga to‘xtatiladi. Shuni inobatga olib, avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalariga benzin yetkazib berish hajmi oshiriladi.
Izohlar