Hodisa

O‘zbekistonliklar Qozog‘iston bilan chegarada uzun navbatda turib qoldi

Fuqarolar avtomobillar nazorat-o‘tkazish punktlari orqali ulkan kechikish bilan o‘tkazilayotganidan shikoyat qilmoqda.

O‘zbekiston va Qozog‘iston chegarasida qozoq tomonida yuzlab avtomobillar to‘planib qolgan, ularning o‘tkazilishi juda sekin amalga oshirilmoqda, deb yozadi “Gazeta.uz”.

Fuqarolardan birining so‘zlariga ko‘ra, u chegarani piyoda kesib o‘tgan, eri esa mashina haydab deyarli bir sutka chegarada qolib ketgan.

“Biz o‘z mashinamizda Olmaotaga bir haftaga ta’tilga bordik. Kechqurun “Qoplonbek” postiga keldik. U yerda 200 dan ortiq avtomobil to‘planib qolgan. Biz borganimizda u yerda bir sutkadan ortiq navbatda turgan odamlar bor edi. Mashinalarda keksalar, homilador ayollar, ko‘plab bolalar, jumladan, emizikli bolalar ham bor. Navbat tashkil etilmagan, insoniy sharoitlar (suv, hojatxona, soya) yo‘q, bugun juda issiq kun. Ikki kundan keyin muhim bayram — Qurbon hayiti bo‘ladi va odamlar uylariga qaytishni xohlashadi”, — dedi u.

Qozog‘iston tomoni, chegaradagi odamlarning aytishicha, O‘zbekiston tomoni mashinalarni o‘tkazmayapti. Shu bilan birga, O‘zbekiston bojxonachilari neytral hududga kirib kelayotgan barcha mashinalarni Qozog‘iston chegarasidan o‘tkazayotganini ma’lum qildi.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston tomonidagi noma’lum shaxslar pul to‘lab, chegarani tezda kesib o‘tishni taklif qilmoqda. Ba’zi fuqarolar “Qoplonbek” postidan “Yallama” postiga borib, u yerdagi vaziyat yaxshi bo‘ladi, degan umidda bo‘lgan, biroq hammasi takrorlangan. 8 soat ichida O‘zbekistonga navbatdan faqat 9 ta mashina o‘tdi.

“Ikki chegarani kesib o‘tib, 40-45 daqiqada O‘zbekistonga faqat bitta mashina kirib keldi. U yerda ham pul evaziga chegarani tezda kesib o‘tishni taklif qilgan odamlar bor edi. Bu haqiqiy insonlarni tahqirlashdir. U yerda, chegarada, hech kim nima qilishni bilmaydi. Hech kim hech qanday ma’lumot bermadi. Yangi mashinalar esa kelishda davom etmoqda. Ko‘pchilikning yonida ortiqcha puli yo‘q. Ba’zilar uchun esa so‘ralayotgan mablag‘ oxirgi pul hisoblanadi. Turmush o‘rtog‘im uch nafar farzandi bor oilani, shu jumladan, kasal bo‘lib qolgan chaqaloqni ham ko‘rgan”, — deydi fuqaro.

Yana bir haydovchining so‘zlariga ko‘ra, odamlar korrupsiyani qo‘llab-quvvatlashni xohlamaydi, lekin ular bunga majbur.

“Bu yerda tanlov — yo yaqinlaring salomatligi, yo sen halollik tarafdorisan, korrupsiyaga qarshi. Yolg‘iz ketayotgan erkaklar bolali oilalarni, bemorlarni o‘tkazib yuborishni so‘rashadi. Kunduzi issiqda, kechasi sovuqda, hech qanday sharoit, suv va oziq-ovqatsiz kutishadi. Nahotki, bu masalani hal qilish uchun ikki davlatning hech qanday aloqa kanallari bo‘lmasa?” — dedi u.

O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati “Navoiy” va “Yallama” postlarida avtomobillarni o‘tkazish uchun hech qanday sun’iy to‘siqlar yo‘qligini ma’lum qildi. Qozog‘iston tomonidan kelayotgan barcha avtomobillar o‘tkazib yuborilmoqda.

BQ matbuot kotibi Husen Tangriyevning ma’lum qilishicha, hozirda ikki davlat chegarasida quyidagi chegara bojxona postlari faoliyat ko‘rsatmoqda:

  • Toshkent viloyatidagi “Navoiy” va “Yallama” — yengil avtotransport va piyodalar uchun;
  • Sirdaryo viloyatidagi “Oq oltin” va “Malik” — O‘zbekiston va Qozog‘iston fuqarolarini o‘tkazish uchun soat 8:00 dan 18:00 gacha;
  • “Yallama”, “Najimov”, “Sirdaryo” va “Dovut ota” — yuk transporti uchun.

“Gishtko‘prik” posti (“Chernyayevka” nomi bilan tanilgan) to‘liq rekonstruksiya ishlari yakunlanayotgani munosabati bilan yopildi. Qozog‘iston tomonidan — “Jibek joli” nazorat-o‘tkazish punkti qurilish ishlari boshlandi. Qurilish ishlari O‘zbekistonning «Dovut ota» va Qozog‘istonning “Tajen”, “Atameken” va “Qazigurt” postlarida ham bir vaqtda olib borilmoqda.

“Tomonlar qo‘shni davlat chegara bojxona postlari bilan muvofiqlashtirilgan ishlarni tashkil etish orqali o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish va navbatlarni qisqartirish ustida ishlamoqda”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq Qozog‘istondan O‘zbekistonga minglab tonna kartoshka chegarada buzilgani haqida xabar berilgandi. Biznesmenlar qozog‘istonlik amaldorlarni vagonlarning kechikishida ayblab sudga bermoqchi.

    Асия Мамадиярова
    Редактор «NOVA24»

    Izohlar

    Mavzuga oid

    Главная