Jizzaxda 77 yoshli erkak pensiya jamg‘armasini aliment to‘lash uchun berdi
Nafaqaxo‘r yosh aliment to‘lovchilarga o‘rnak ko‘rsatishga qaror qilgan.

Jizzaxda 77 yoshli pensioner 15 yildan buyon aliment pullarini muntazam to‘lab kelayotgan bo‘lsa-da, kasalligi tufayli yig‘ilib qolgan qarzini pensiya jamg‘armasidan tezda to‘lab berdi, deb xabar bermoqda MIB axborot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 77 yoshli erkak 15 yil davomida muntazam ravishda aliment to‘lab kelgan. Biroq uzoq davom etgan kasallik va safar tufayli u 11,5 mln so‘m qarzdor bo‘lib chiqdi. Davlat ijrochilari erkakka qarzdorligini eslatgandan so‘ng, u to‘plangan pensiya hisobidan barcha qarzni naqd pulda to‘lagan.
“Alimentdan bo‘yin tovlash gunoh. Kasal bo‘lib qoldim, bo‘lmasa qarz bo‘lmasdi. Yosh aliment to‘lovchilarga o‘rnak bo‘lmoqchiman”, — dedi pensioner.
Shuningdek, erkak agar sog‘lig‘i imkon bersa, 18 yoshgacha bo‘lgan farzandiga aliment to‘lash niyatida ekanini ma’lum qildi.
Avvalroq Toshkentda bir ayol mehribonlik uyidagi uch nafar farzandiga 57 million so‘m aliment qarzdor bo‘lib qolgani haqida xabar berilgandi. Tartib posbonlari huquqbuzar ayolni chegarada ortga qaytarib, sudga olib kelishgan.
Izohlar