O‘zbekistonda endi fermer va dehqonlar o‘z mahsulotini sotganda QQS to‘lamaydi
Prezident oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni yanada rag‘batlantirish bo‘yicha topshiriq berdi.

Shavkat Mirziyoyev 4-sentyabr kuni qishloq xo‘jaligida qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar haqidagi taqdimot bilan tanishdi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.
Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligida “yashirin iqtisodiyot” ulushi hali ham yuqoriligi qayd etildi. Ishlab chiqarilgan mahsulotlarning hammasi ham rasmiy hisobotda aks ettirilmaydi. Oziq-ovqat mahsulotlarini sotishda qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 12 foizni tashkil etadi.
Mazkur masala prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida ko‘tarilgandi. Davlat rahbari bu borada dehqon va fermerlarga qulaylik yaratish, soliq yukini yengillashtirish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatma bergandi.
Shunga muvofiq, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, malakali xorijiy va mahalliy ekspertlar ishtirokida qishloq xo‘jaligini “soya”dan chiqarish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.
Unga ko‘ra, kelasi yil 1-yanvardan boshlab, qishloq xo‘jaligi korxonalari dehqon va fermerlarga o‘zi yetishtirgan qishloq xo‘jaligi mahsulotini (g‘alla va paxtadan tashqari) sotishda qo‘shilgan qiymat solig‘i nol stavkada bo‘ladi. Shu bilan birga, mahsulotni yetishtirishda urug‘, o‘g‘it, yoqilg‘i, transport, elektr kabi xarajatlar uchun hisobga olingan QQSni qaytarib berish amaliyoti ham saqlanib qoladi.
Natijada fermer va dehqonlar ixtiyorida yiliga 300 milliard so‘m mablag‘ qoladi, yana 400 milliard so‘mlik soliqni qaytarib olish imkoniyati bo‘ladi.
Umuman, bu yengilliklar soha vakillarining shaffof ishlashiga turtki beradi, joylarda yirik sanoatlashgan plantatsiyalar va qayta ishlash korxonalarining ko‘payishiga mustahkam zamin yaratadi.
Mutasaddilarga bu yangi tizimni dehqon va fermerlarga tushuntirib, samarali yo‘lga qo‘yish, oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni rag‘batlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Avvalroq 2028-yilgacha QQS va foyda solig‘i stavkalari oshirilmasligi xabar qilingandi. Prezident, shuningdek, kichik va o‘rta biznes subyektlariga yangi talablar qo‘yiladigan hujjatlarni qabul qilishga moratoriy joriy qildi.
Izohlar