O‘zbekistonlik yosh taekvondochi Osiyo chempionatining eng yaxshi sportchisi deb topildi
Omadbek Otabekov barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.

O‘zbekistonlik yosh taekvondochi Osiyo chempionatining eng yaxshi sportchisi deb tan olindi, deb xabar bermoqda MOQ matbuot xizmati.
Malayziyaning Kuching shahrida taekvondo WT bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati yakunlandi. Musobaqaning ikkinchi kunida -59 kg vazn toifasida Omadbek Otabekov barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratib, Osiyo chempionatining oltin medalini qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari, Otabekov yoshlar o‘rtasidagi turnirning eng yaxshi taekvondochisi deb topildi.
“Shu tariqa, yoshlar terma jamoasi Osiyo chempionatini 1 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza medali bilan yakunladi”, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, o‘zbekistonlik Abdurahim Nutfullayev musobaqaning ilk kunidayoq dzyudo bo‘yicha “Katta dubulg‘a” chempioni bo‘lgandi. Sportchi final bahsida 2024-yilgi yozgi Olimpiya o‘yinlari sovrindori moldovalik Denis Viyerani mag‘lub etib, musobaqa chempionligini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi.
Izohlar