O‘zbekiston terma jamoasi dzyudo bo‘yicha kadetlar o‘rtasidagi Osiyo kubogida umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi, deb xabar bermoqda MOQ axborot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Olmaota shahrida bo‘lib o‘tgan musobaqada 9 ta davlat va 3 ta qit’adan 500 nafarga yaqin sportchi ishtirok etgan. Ikki kun davomida dzyudochilar 16 ta vazn toifasida bahs olib borishdi. O‘zbekistonlik sportchilar 29 ta medalni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lishdi, ulardan 8 tasi oltin, 10 tasi kumush va 11 tasi bronza.
Shu tariqa, terma jamoa umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egallashga muvaffaq bo‘ldi. Ikkinchi o‘rinni Qozog‘iston jamoasi egalladi. Turnir mezbonlari 5 ta oltin, 4 ta kumush va 12 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Kuchli uchlikni Mo‘g‘uliston terma jamoasi yakunladi — sportchilar 2 ta oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Avvalroq Toshkentda dzyudo bo‘yicha “Katta dubulg‘a” turkumiga kiruvchi turnir boshlangani haqida xabar berilgandi. Musobaqaning birinchi kunida o‘zbekistonlik sportchilar beshta medalni qo‘lga kiritdi.





















