Noyabr oyida isitish mavsumida kam ta’minlangan aholini qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir martalik 1 million so‘mlik moddiy yordam ajratilishi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan ma’lum qilindi.

Agentlik to‘lovga umid qilishi mumkin bo‘lgan oilalar toifalarini sanab o‘tdi:

  • “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” orqali bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam oluvchi oilalar;
  • “Kam ta’minlangan oilalar reyestri”dagi oilalar;
  • “Mahalla yettiligi” tomonidan shakllantirilgan qo‘shimcha ro‘yxatga kiritilgan oilalar.

Qo‘shimcha ro‘yxatga quyidagi oilalar ustuvor tartibda kiritiladi:

  • boquvchisini yo‘qotganlar;
  • I yoki II guruh nogironligi bo‘lganlar;
  • nogironligi bo‘lgan bolani tarbiyalayotganlar;
  • isitish tizimi bo‘lmagan ko‘p kvartirali uylarda yashovchilar;
  • bir uyda uch va undan ortiq oila yashaydigan;
  • og‘ir bemorni parvarish qiluvchilar;
  • yolg‘iz keksalar yoki nogironligi bo‘lgan shaxslar.

Mazkur toifaga kiruvchi fuqarolar joriy yilning 25-sentyabriga qadar “Mahalla yettiligi”ga murojaat qilishlari lozim.

Avvalroq Veolia Energy isitish mavsumiga tayyorgarlik doirasida poytaxt aholisiga murojaat bilan chiqqandi. Shuningdek, kompaniya quvurga zarar yetishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.