Pul

AI-80 benzini sotuvini bekor qilish narxlarning ko‘tarilishiga sabab bo‘ladi — Markaziy bank

Vaziyat nafaqat joriy narxlarga, balki aholining kutilmalariga ham ta’sir qiladi.

AI-80 markali benzin ishlab chiqarish va sotishning bekor qilinishi O‘zbekistonda inflyatsiyaga ta’sir qiladi, dedi Markaziy bank raisi Timur Ishmetov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu omil allaqachon yangilangan prognozga kiritilgan. 2025-yil yakunlari bo‘yicha inflyatsiya 8,7 foiz darajasida bo‘lishi kutilmoqda. Bu ko‘rsatkich 2025-yil boshida (7−8 foiz) va birinchi chorak yakunlari bo‘yicha (8 foiz) kutilganidan yomonroq. Qayd etilishicha, AI-80 bilan bog‘liq vaziyat nafaqat joriy narxlar, balki aholining kelajakdagi dinamikani idrok etishi uchun ham muhimdir.

Inflyatsiyaga oshiruvchi bosim ko‘rsatuvchi tovarlar va omillar orasida benzin ham bor. O‘rta muddatli istiqbolda bu biz uchun xavotirli yo‘nalishlardan biridir. Eng muhimi, bu inflyatsiyadan tashqari, aholining inflyatsion kutilmalarida asosiy omillardan biri hisoblanadi, — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq rasmiylar AI-80 iflos benzinidan to‘liq voz kechish sanasini 2025-yildan 2028-yilga ko‘chirgandi. O‘zbekiston AI-80’ni hech qanday cheklovlarsiz ishlab chiqaradigan va foydalanadigan dunyodagi kam sonli davlatlardan biridir. Shu bilan birga, qo‘shni Afg‘oniston AI-80 benzinidan foydalanadigan dunyodagi ikkinchi va oxirgi davlatdir.

Keyinroq, 2-sentyabr kuni O‘zbekistonda AI-80 benzinini birja savdolari orqali sotish butunlay to‘xtatildi. “O‘zbekneftgaz” bosqichma-bosqich AI-92 ishlab chiqarishga o‘tadi, sentyabrdan esa birja savdolariga faqat yuqori oktanli benzin qo‘yiladi.

Bundan tashqari, yilning oxiriga qadar respublikaning barcha hududlarida issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan mazutdan yoqilg‘i sifatida foydalanish ham to‘liq taqiqlanadi. Ekologiya vazirligi va Vazirlar Mahkamasini xabardor qilgan holda mazutdan avariya yoqilg‘isi sifatida foydalanish holatlari bundan mustasno.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная