12-noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent metrosida tirbandlik bilan bog‘liq muammolar haqida ma’lumot tarqaldi. Metropoliten vaziyatga izoh berdi.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, agar 2021-yilda metro kuniga o‘rtacha 280-300 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich kuniga 1 milliondan oshdi. Tirbandliklarning oldini olish va bekatlararo qatnov vaqtini qisqartirish maqsadida so‘nggi 3 yil ichida tig‘iz vaqtlarda (soat 07:30 dan 09:00 gacha) poyezdlar harakati oraliq intervallari qisqartirildi. Xususan:
- 2021-yilda Chilonzor yo‘nalishida interval 5 daqiqa (16 ta poyezd), hozir — 1,5 daqiqa (28 ta poyezd);
- “O‘zbekiston” yo‘nalishida — 6 daqiqadan (9 ta poyezd) 3 daqiqagacha (16 ta poyezd);
- “Yunusobod” yo‘nalishida — 11 daqiqadan (6 ta poyezd) 4 daqiqagacha (11 ta poyezd);
- “O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi” yerusti halqa yo‘lida — 12 daqiqadan 9 daqiqagacha (poyezdlar soni 5 tadan 11 tagacha oshirildi).
2021-yilgacha metroda 36 ta poyezd harakatlangan. So‘nggi 3 yilda yana 41 ta tarkib xarid qilindi. 2025-yilga kelib ularning soni 75 tadan oshdi. 2026-yil davomida qo‘shimcha 56 ta zamonaviy vagon xarid qilish rejalashtirilgan. Bu parkni yangilash va harakat oralig‘ini qisqartirish imkonini beradi.
Shuningdek, metropoliten yo‘lovchilardan metrodan foydalanish qoidalariga rioya qilishni so‘radi:
- o‘zaro hurmatni saqlab qolish;
- yo‘lovchilar vagondan tushmaguncha vagon eshiklari oldida turmaslik;
- yetib kelgach, yo‘lni tezda bo‘shatish;
- eshiklarga suyanmaslik;
- shaxsiy buyumlarni vagonlarda va metro hududida qoldirmaslik.
Avvalroq Toshkentdan yangi aeroportga yarim soatda yetib borish mumkinligi xabar qilingandi. Rasmiylar yangi metro liniyasini yotqizishmoqchi.























